O’zbek tili: muammo va o’zgarishlar

Til ― millat qalbi, ko’zgusidir. Bu tilga berilgan eng sodda va eng yaxshi nisbat, nazarimda. Bizning ona tilimiz juda go’zal, boy va sermazmun tillardan biri hisoblanadi. Lekin o’zbek tilimizning hozirgi mavqeyi qay darajada? Mustaqillikka erishganimizga va “Davlat tili to’g’risida”gi qonunni qabul qilganimizga, mana, 20 yildan oshibdi. Shunday ekan yuqoridagi savol o’rinlidir. Keling shularga bir to’xtalib o’tsak. Bunda pedagogikaning oltin qonuniga asosan ishga kirishamiz, ya’ni “avval jazo, so’ng esa maqtov”.

Buyuk ma’rifatparvarimiz Fitrat shunday degan ekan: “ Dunyoning eng boy, eng baxtsiz bir tili ― turkcha”. Bu gapning zamirida katta ma’no yotganini ko’pchilik payqagan bo’lsa kerak. Hozir ham shundaymi?

Tilshunoslik muammolari deganda ko’p hollarda hayolimizga ko’cha-ko’ydagi peshlavhalar, reklama ustunlari, diqqatni tortadigan har qanday narsalardagi yozilgan yozuvlarning xato yozilishi kabilar keladi. Mayli, ular tura-tursin yaqindagina Janubiy Koreyaga ishga ketmoqchi bo’lganlar uchun berilgan test savollarini, migratsiya agentligining saytini ko’ring edi! To’g’risini aytsam, “eshak”da 2 ta “sh” bo’lishini (“eshshak”) o’sha test savollarini ko’rib bildim. Ziyolilarimiz xalqimizning savodxonligini oshirish yo’llarini izlayotgan bir paytda, ularning bu kabi o’zlarini namoyon etganliklarini qanday izohlash mumkin? Ko’chada uchratishimiz mumkin bo’lgan yozuvlar, mahsulot yorliqlaridagi matnlarning imloviy, grammatik xatolarini reklama agentliklari yordamida hal etish mumkin, lekin mas’uliyatni kim o’z bo’yniga oladi?

Davrimizning yana bir achchiq muammolaridan biri bu oynai jahondagi ko’rsatuvlarda o’zbek tilining ishlatish saviyasi. Ko’rsatuvlarni o’zbek tilida olib borishsa-yu, o’sha ko’rsatuvda qatnashayotgan ba’zi hakamlar va ishtirokchilarning o’zbek tilini bila turib rus tilida gaplashishlari bu o’zbek tiliga nisbatan hurmatsizlikmi yo o’taketgan kaltabinlik? So’z isboti bilan bo’lsin degandek, misol tariqasida “Yulduzcha” televizion bolalar vokal tanlovini keltirib o’tishim mumkin.

Keyingi muammomiz efirda mansabdor, obro’li shaxslarning sheva va lahjalarda gapirishlaridir. Agar ular o’zbek tiliga nazar-pisand qilmasa, dodimizni kimga aytishimiz mumkin? Katta mansabdor shaxsning: “Ishimizada yengi proyektlarni amalga oshirvommiza”,- deganini qanday tushunsa bo’ladi? Yosh bolalar o’rnakni ulardan olmaydimi, shu haqida o’sha mansab egalari, obro’li shaxslar o’ylab ko’rmasmikan? Yo “toshkentcha” sheva o’zbek tilidan ajralib chiqqanmi? Xalqimiz bu vaziyatlarga “baliq boshidan sassiydi” deya oladi, xolos.

Yana bir katta muammolarimizdan biri tilimizning internet tarmog’idagi, nafaqat internet tarmog’idagi, balki kitob ko’rinishidagi resurslarining kamligidadir. Ijtimoiy tarmoqlarda o’zbek tilining qo’llanilishi kam. O’zbek tilshunosligining aksar lug’atlari-yu kitoblari 1990-1995 yillargacha nashr etilgan, xolos.

Yuqoridagi muammolar xamir uchidan patir edi, ularning har biriga alohida maqola yozsa bo’ladi. Ba’zi kishilarda “o’zbek tilini reklama qilish rus tilining obro’siga putur yetkazadi” degan tushuncha mavjud, shu sababli ham tilimiz biroz oqsayapti.

Endi qilingan va qilinayotgan yangiliklardan so’z ochsak. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev har bir sohada ulkan islohotlarni amalga oshirmoqda, jamiyat taraqqiyotiga hissa qo’shadigan qonun, qarorlarni imzolamoqda. O’zbek tilini rivojlantirish bo’yicha ham tegishli ko’rsatmalar berilgan. Birinchi prezidentimiz Islom Karimov tomonidan 2016-yil tashkil etilgan O’zbek tili va adabiyoti universiteti shu ishlarning poydevori desam xato bo’lmasa kerak. Universitet ishchi guruhi tomonidan hozirda alifboga o’zgartirish kiritish va lug’at tuzish kabi ko’plab ishlar amalga oshirilmoqda, izlanishlar olib borilmoqda. Ta’lim tizimida o’zbek tilini o’qitishning samarali yo’llari, tizimlari ishlab chiqildi. O’zbek tilining kelajagi, hozirgi tutgan o’rni, tarqalishi xususida konferensiyalar, yig’ilishlar o’tkazilmoqda. Tilimizni chet elda yoyish bo’yicha ham salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Yaqinda “Ziyonet.uz” tarmog’iga 2006-yil nashr etilgan O’zbek tilining 5 jildlik izohli lug’ati joylashtirildi va bu o’zgarishlar shamolining yaqinligidan nishonadir.

Xulosa o’rnida, “Tilimizni dunyo tillari darajasiga ko’taramiz” deb jar solish oson, ammo amaliy ish qilish qiyinroqdir. Til haqida qonunimiz bor, lekin “holva degan bilan og’iz chuchimas” ekan. Til sofligini saqlagan holda gaplashish madaniyatini o’rganishimiz, o’rgatishimiz va targ’ib qilishimiz kerak, zero “tilga e’tiborsiz ― elga e’tiborsiz”dir. Maqsad tayin, demak maqsad sari birlashishimiz kerak, chunki “kuch ― birlikda”.

O'zbek tilining hozirda mavjud muammolari va uni rivojlantirish borasida amalga oshirilgan va oshirilayotgan ishlar haqida maqola.


Izohlar