Men diniy ekstremizm va terrorizmning tahdidini qanday tushunaman?

O’zbekiston Respublikasi Oliy va O‘rta maxsus

ta’lim vazirligi

Jizzax viloyati Jizzax shahri Xalq Ta’lim muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash

va tashkil etish bo’limiga qarashli 6-umumiy o’rta ta’lim maktabining

9-sinf o’quvchisi Rahmatov Dilmurod Rustam o’g’lining

" Seni yovuzlarga bermaymiz, Vatan! "

mavzusida o’tkazilayotgan tanlov uchun

yozgan ijodiy ish qo’llanmalari

2016-2017

Reja:

Kirish:

Men diniy ekstremizm va terrorizmning tahdidini qanday tushunaman?

Asosiy qism:

Diniy ekstremizm va terrozim – yoshlar kelajagiga tahdid.

Diniy ekstremistik va terroristik oqimlar.

Diniy ekstremistik va terroristik guruhlarning gʻoyalari.

Xulosa:

Tinchlik hayot uchun eng muhim zaruriyat.

Men diniy ekstremizm va terrorizmning tahdidini qanday tushunaman?

Hozirgi vaqtda ko’z o’ngimizda dunyoning geopolitik, iqtisodiy va ijtimoiy, axborot-kommunikatsiya manzarasida chuqur o’zgarishlar ro’y berayotgan, turli mafkuralar tortushuvi keskin tus olayotgan bir vaziyatda barchamizga ayonki, fikrga qarshi fikr, g’oyaga qarshi g’oya, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish har qachongidan ko’ra muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Islom Karimov

Men har gal jahon siyosiy xaritasiga qaraganimda, dunyodagi jamiki davlatlarni ko’z oldimda tasavvur qilaman. Ularning iqtisodiyoti, siyosati, ma’naviy, madaniy va tabiiy manzaralari ko’z oldimdan o’tadi. Shu jumladan o’sha davlatning tinchligi yoki notinchligi ham hayolimdan o’tadi.

Xosh, keling bir tasavvur olamingizni ishga solib ko’ramiz.

Tasavvur qiling yarim tunda tinch mamlakatda uyqu og’ushidasiz. Atrof jim-jit edi. Birdan osmon yorishib ketdi. Qayerdandir qattiq gumburlagan tovush chiqdi. Siz esanqirab qoldingiz. Nima qilishni o’ylayapsiz. Ushbu tovush sizga shunchalar ta’sir qildiki, siz go’yo vaqt to’xtagandek o’zingizni his qilasiz. Xosh, endi o’ylab ko’ringchi, siz butun umr tinch uxlayotgan uyqingizni atigi bir kuni notinch bo’lgani uchun siz ne ahvolga tushmadingiz. Siz shirin uyquda bo’lgan paytlaringizda qaysidir terrorchi guruh mo’tabar onani qon yig’latib, bolasiz qoldirgan yoki qaysidir bolalar ota-onasiz qolarlar, qaysidir go’dak o’q ovozidan uxlolmay chinqirab yig’layotgandir. Shunday gaplarni eshitsak ko’nglimiz bo’shab yig’lagimiz keladi. Hech o’ylab ko’rganmisiz, o’sha terrorchi ham bir paytlar onasi, otasi aka-uka, opa-singillari, vatani bo’lgandir. Axir u ham tinch yashab farzandlarini voyaga yetqazib, oddiy odam bo’lib yashashga xaqli ediku! Nimaga u aynan shu yo’lni tanladi. Nimaga? Kimdir g’oyaviy bo’shlog’i bo’lgandir der, yana kimdir mafkuraviy immuniteti past bo’lgan der, balki ota-onasi yaxshi tarbiya berolmagandir. Xosh uning kafilligini kim oladi? Siz-mi, bizmi, vatanimi, ota-onasimi, yor-u birodarlarimi. Hech kim. Hamma jim-jit. Nimaga o’sha Allohning bandasi insonlarni o’ldirib, o’zini haqiqiy din peshvosi qilib ko’rsatayapti. O’sha terrorlar hech o’ylab ko’rganmi o’zi. Qaysi diniy muqaddas kitoblarda “ insonlar bir-birini o’ldirsin ” deb yozib qo’yilgan. Ular shunchalar ma’naviyati past odamlarki, go’yoki ular o’zlarini haqiqiy banda deb tasavvur qilib, boshliqlarini payg’ambar deb aytishga ham bordilar. Aslida o’zini payg’ambar deb atagan inson dinni niqob qilib olgan, maqsadi boylik, mansab va urush bo’lgan insondir. Aynan shunday insonlarni deb, o’sha dinni obro’yiga putur yetyapti. Jamiyat begunoh odamni ham gunohkorlikda ayblayapti. Agar o’sha terror o’z vatandoshing bo’lsa, bundan ortiq jazo yo’q deb o’ylayman. Bu shunday og’irki Vatanining yillar davomida to’plagan obro’yini bir zumda poymol qilishi mumkin. Axir ajoyib xalqimizda bir maqol bor: gurunch kurmaksiz bo’lmaydi. Darhaqiqat, har bir xalqda mana shunday xoinlar uchrab turadi.

Diniy ekstremizm, terorchilik din va millat tanlamaydi. Bunday tahdidlarning ko’rinishini Yevropada ham, Osiyoda ham, Amerika va Afrikada ham, xristianlik, buddaviylik va boshqa dinlarga mansub xalqlar yashayotgan mintaqalarda ham uchratish mumkin.

O'zbekiston azaldan turli millatga mansub, turli dinlarga e'tiqod qiluvchi xalqlar tinch-totuv yashagan o'lka bo'lib kelgan. Ajdodlarimiz boshqa din vakillariga doimo hurmat bilan munosabatda bo'lgani, Vatan taraqqiyoti yo'lida yelkadosh bo'lib mehnat qilgani tarixiy manbalarda ko'p qayd etilgan. Hozirgi kunda O'zbekiston aholisining soni 32 mln.dan oshgan bo'lib, ular 130 dan ziyod millatga mansub hisoblanadi. Fuqarolarning 94% dan ziyodi islom diniga e'tiqod qiladi. 3,5% ga yaqin fuqarolar pravoslav diniga mansub bo'lib, qolganlarini boshqa konfessiya vakillarini tashkil etadi. Bugungi kunda O'zbekiston Respublikasida 16 diniy konfessiyaga mansub 2 238 diniy tashkilot faoliyat olib bormoqda. Ulardan 2064 tasi islomiy, 157 tasi xristian, 8 tasi yahudiy, 6 tasi bahoiy jamoalari, bittadan Krishnani anglash jamiyati va Budda ibodatxonasidir. Bulardan tashqari konfessiyalararo Bibliya jamiyati faoliyat yuritmoqda. Ushbu diniy tashkilotlarning erkin faoliyat olib borayotgani ham yurtimizda hukm surayotgan diniy bag'rikenglik, do’stlik ifodasidir. Hech shubhasiz, yurtimizda turli sohalarda erishilgan barcha ulkan yutuqlarimizning zamirida jamiyatimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalik hisoblanadi.

XX asrning ikkinchi yarmida xalqaro miqyosda o'zini baralla namoyon etayotgan xatarli voqeliklardan biri, shubhasiz, diniy ekstremizm va undan oziqlanayotgan hamda diniy shiorlar bilan niqoblangan terrorizmdir. Bugungi kunga kelib, mazkur xatar shu qadar keng ko'lam va xilma-xil ko'rinishlar kasb etmoqdaki, odamlar, ko'pincha, unga e'tiborsiz hatto, loqayd bo'lib qolmoqdalar. Boshqacha aytganda, “ diniy ekstremizm ” va “ xalqaro terrorizm ” degan tushunchalar hayotiy voqelikning ajralmas qismidek qabul qilinmoqda. Bu - nihoyatda achinarli hol, albatta.

XIX asrning oxirlarida saltanat sohiblari va davlat arboblariga qarshi qurolli hujumlar shaklida paydo bo'lgan siyosiy terrorizmni bugun har qadamda uchratish mumkin. XX asrning 60-yillaridan boshlab, dunyoning butun mintaqalari turli-tuman terrorchilik tashkilotlarining o'chog'iga aylana boshladi. Ma'lumotlarga ko'ra, bugungi dunyoda 500 ga yaqin terrorchilik tashkilotlari faoliyat ko'rsatmoqda. 1968-1980-yillar davomida ular 6700 ga yaqin terrorchilik amaliyotini sodir etdilar. Natijada 3668 kishi halok bo'lib, 7474 kishi turli jarohatlar olgan. Zamonaviy terrorizmning ikkita alohida xatarli belgisini ajratib ko'rsatish mumkin: bir tomondan, u tobora shafqatsizroq g'ayri insoniy mohiyat, ikkinchi tomondan, aqlga sig'dirish qiyin jug'rofiy ko'lamlar kasb etib bormoqda. AQSH Davlat departamentining ma'lumotlariga ko'ra, hozirda dunyoda har yili 650 dan ortiq bunday hodisalar sodir etilmoqda. Bu degani - har kuni dunyoning u yoki bu burchagida kimlarnidir qo'rquvga solish orqali muayyan maqsadlarga erishishni ko'zlagan, kamida ikkita qo'poruvchilik amalga oshirilmoqda. Xatarli jihati shundaki, ularning soni muntazam oshib bormoqda. Masalan, 1992-yilda ana shunday noxush voqealarning umumiy soni 362 tani tashkil etgan bo'lsa, bugungi kunga kelib 620 dan oshib ketdi.

Shiddat bilan chuqurlashib borayotgan dunyoning globallashuvi, sodda qilib aytganda, unda kechayotgan jarayonlar deyarli barcha mamlakatlarni qarib birdek qamrab olayotgani bu kabi g'ayri insoniy harakatlarning xatarli oqibatlarini jiddiy oshirmoqda.

Ekstremizm va terrorizm odamlarning ertangi kunga bo'lgan ishonchiga putur yetkazibgina qolmasdan, balki xalqaro miqyosdagi muammolarni, jumladan, turli diniy e'tiqod vakillari bo'lgan xalqlar, hattoki, sivilizatsiyalar orasidagi o'zaro ishonchga soya tashlamoqda, jahontaraqqiyotining tamal toshi bo'lgan xalqaro iqtisodiy va madaniy hamkorlikning rivojlanishiga tosiq bo'lmoqda.

Ekspertlarning fikricha, dunyoda faoliyat ko'rsatayotgan terrorchilik tashkilotlarining yuzdan oshig’i eng zamonaviy qurollar bilan yaxshi ta’minlangan yirik uyushmalardan iborat. Ular turli qo’poruvchiliklarni sodir etish jarayonida o'zaro hamkorlik qiladilar, ma’lumotlar almashadilar, zarur hollarda, bir-birlariga harbiy, moliyaviy va boshqa shakldagi yordamni ko'rsatadilar. Shunday tashkilotlarning eng yiriklari qatoriga “al-Qoida”, “al-Jihod al-Islomiy”, “at-Takfir val-Hijra”, “Hizbulloh”, “XAMAS” (Falastin islomiy qarshilik harakati), “Abu Sayyof ” (Filippin), “Ozod Achex” va “Lashkari jihod” (Indoneziya), “Qurolli islomiy harakat” (Jazoir) kabilarni kiritish mumkin. Oxirgi yillarda xalqaro miqyosda amal qilayotgan yana bir islomiy tashkilot – “Hizb at-tahrir al-islomiy” ning faoliyati asosli ravishda dunyoning turli mamlakatlaridagi terrorchilik amaliyotlarni sodir etganlikda ko'rilmoqda.

Ma'lumki, bugun musulmon olamida murakkab ijtimoiy-siyosiy jarayon kechmoqda. Yaqin Sharq va boshqa hududlarda qator mamlakatlar chuqur siyosiy tanglik, ijtimoiy va iqtisodiy beqarorlik va qurolli to'qnashuvlarni boshidan kechirmoqda. Mazkur hududlarda go'yoki haqiqiy “Islomiy davlat” qurish shiori ostida ochiqdan-ochiq zo'ravonlik, insoniylikka zid vahshiylikga asoslangan amallarga qo'l urayotgan turli guruh va jamoalar ko’payib ketdi. Muhtaram Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov O'zbekiston Respublikasi mustaqilligining yigirma to'rt yilligiga bag'ishlangan tantanali marosimda ta'kidlab, izohlaganlaridek: “Bugungi kunda dunyoning turli mintaqa va hududlarida avj olayotgan qarama-qarshiliklar, qonli to'qnashuvlar, musulmon dunyosidagi turli mazhab va oqimlar o'rtasida kuchayib borayotgan nizo va ziddiyatlar, begunoh odamlarning qurbon bo'layotgani barchani tashvish va xavotirga solmay qo'ymaydi”.Ushbu holat davlatning katta yoki kichikligi, dini va millatidan qat'iy nazar, tinchlik va barqarorlik naqadar aziz ne'mat ekanini yana bir bor isbotlab bermoqda.
So'nggi yillarda aqidaparast oqimlar yoshlar ichidagi faoliyatini mehnat migrantlarini ta'sir doirasiga olish, “ hujralar ” tashkil etish, diniy ekstremistik mazmundagi materiallarni elektron ko'rinishda tarqatish, internet orqali targ'ibot o'tkazish kabi usullarda amalga oshirmoqda. Ayniqsa, internet tarmog'ida o'zini “ Iroq Shom Islom davlati ” (ISHID), “Jabhat al-Nusra ” deb atab olgan terroristik tashkilotlar go'yoki islom ravnaqi yo'lida kurashayotgan “ Islom birodarlar guruhi ” ekani haqidagi targ'ibot-tashviqot keng ko'lamda olib borilayotgani, buning oqibatida dunyoning ko'plab mamlakatlaridan musulmon yoshlar “ hijrat ” qilish va “ jihod ”da ishtirok etish da'vosida Suriya va Iroq hududiga borib, ushbu guruh safiga qo'shilayotganining guvohi bo'lmoqdamiz. Afsuski, yoshlarning muayyan qismi ISHID ni haqiqatda ham islom dinini butun dunyoga tarqatish, islomiy davlat barpo etgan holda dunyoda adolat o'rnatishni maqsad qilgan tashkilot deb hisoblaydi. Bunday fikrlovchilar Markaziy Osiyoda, xususan, O’zbekistonda ham bor ekani hech kimga sir emas. Bunday yoshlar yuqorida qayd etilgan hududlarda insonlarga qarshi sodir etilayotgan jinoyatlarni go’yoki xalifalik qurish uchun joiz amal hisoblab qattiq adashmoqdalar. Aslida, mutaassib oqim a'zolarining maqsadlari - “ jihod ”, “ hijrat ”, “ shahidlik ”, “ kofir bo'lish ” kabi diniy tushunchalarni soxta talqin qilish orqali yoshlarimizni oilasi va yaqinlarining ta’siridan chiqarish, o’qish yoki ishidan ajratib olish hamda ularni qurolli to'qnashuvlar ketayotgan Suriya, Iroq, Afg’oniston yoki Pokiston kabi mamlakatlarga jo'natib, manqurt-jangari yoki “tirik bomba” ga aylantirishdan iborat.

BMT ning inson huquqlari bo’yicha Bosh komissari Navi Pilley e’lon qilgan ma'lumotga ko'ra 2012-yilning iyul oyidan boshlab Suriya va Iroqda har oyda 5000 nafar odam o'lmoqda. O'layotganlar orasida qariyalar, ayollar, oilalar, hatto emizikli go’daklar ham bor. Fransiyaning “ Frans-Press ” nashri “ Syrian Observatory for Human Rights ” tashkilotiga tayanib tarqatgan xabariga ko'ra 2011-2015 yillar davomida halok bo'lganlarning soni 230000 ga yetgan. Ulardan 69494 tasi tinch aholi vakillari, 11493 tasi bolalar, 7371 tasi ayollardan iborat. Bu faqat rasmiy ma'lumotlar bo'lib, asl raqamlar mazkur ko'rsatkichlardan ancha yuqori bo'lishi hech kimni hayron qoldirmaydi. Joriy yilning yanvar oyida Suriyaning o’zini “Islom davlati” deb atayotgan terrorchi guruh nazoratida bo'lgan Raqqa shahrida ko'z ko'rib quloq eshitmagan mudhish ish sodir bo'ldi. 40 yoshli mushtipar ona 20 yoshli o’g’lini terrorchi guruhni tark etishini so’rab qilgan iltijolarini oqpadar o’g’il o'z qo’mondoniga yetkazgan. So’ngra esa rahnamolaridan “tegishli” ko’rsatma olib, o’z onasini xaloyiqning ko’z oldida, bechora ayol butun umr ishlagan pochta binosi oldida otib o’ldirgan.
Yana e’tibor berish lozim bo’lgan bir holat, Iroq va Suriyada terrorchilar o'zlariga ergashmagan bacha musulmonlarni kofirga chiqarib, erkaklarni qatl qilib, ayollar va bolalarni esa qul sifatida sotish kabi qabig’ ishlarga qul urayotganini guvohi bo’lmoqdamiz. Go’yoki “ hijrat ” savobini olamiz deb da’vo qilayotganlar ba’zi adashgan yurtdosh yoshlarimiz yuqoridagi kabi onakush va odamfurushlardan o’rnak olmoqchimi?

Hozir butun dunyo ulamolari terrorchi guruhlarning islomga umuman aloqasi yo’q ekani haqida fatvo bermoqdalar. Jumladan, Butun dunyo islom ulamolari kengashi raisi Yusuf Qarazoviy: “ Biz ulamolar buzg’unchilarga qarshi kurashmog’imiz zarur. Hozir ISHID tarkibida aldangan yoshlar juda ko’p. Ular “ kofirlarga qarshi jihod qilyapmiz, orzuimiz jannat”, deyishyapti-ku, ammo musulmonlarni qatl etib, og’ir gunohga botmoqda. Biz bunday nobakorlikning oldini olishimiz darkor ”, deb ta’kidlagan.
Aqidaparastlar yoshlarni avrab, islom diyori bo’lgan, azon aytiladigan, juma va hayit namozlari o’qiladigan, umuman, islomning besh arkonlari emin-erkin ado etilib, musulmonchilik amalda bo’lgan va fuqarolar tinchlik-xotirjamlikda hayot kechirayotgan Vatanini tark etishga targ’ib qilmoqda. Vaholanki, o’z yurtini tashlab, o’zga yurtlarda sarson-sargardon yurish, manqurt shaxslar bilan birlashib, kindik qoni to’kilgan yurtiga qarshi qurol ko'tarish ayni islom ta’limotiga zid ishdir. Insonlarni tinch va osoyishta diyordan din nomidan qotilliklar oshkora qilinayotgan fitna makonlariga chorlashdek qabih ish hech qachon “ hijrat ” bo’la olmaydi.

Diniy ekstremizm dunyodagi deyarli barcha mamlakatlarda shaxs, jamiyat va davlatning hayotiy muhim manfaatlariga tahdid solib kelmoqda. Jumladan, diniy ekstremistik oqim tarkibiga kirib qolgan shaxs:
- oilasi, qarindosh-urug’lari va yaqin insonlaridan mahrum bo’ladi;
- jamiyatdagi ijtimoiy mavqeini yo'qotadi, chuqur ilm olish, yaxshi kasb egasi bo'lish va hayotda munosib o'rin egallash imkoniyatlaridan ayriladi;
- yon-atrofidagi jarayonlarga shaxsiy munosabatga ega bo'la olmay, voqelikka faqat birovlarning nuqtai-nazaridan qarashga majbur bo'ladi;
- umri qamoqda yoki o'zga yurtlarda xor-zor va sargardonlikda o'tadi, ota-onasi, turmush o’rtog’i va farzandlari oldidagi insoniy majburiyatlarini bajara olmaydi.
O'z navbatida, diniy ekstremistik g'oya va diniy qarashlarning jamiyatdagi ijtimoiy-ma'naviy muhit va tadrijiy rivojlanishga zararli ta'siri quyidagilarda aks etadi:
- “hijrat” da'vosida xorijiy yurtlarga chiqib ketishi oqibatida jamiyatning birlamchi bo'g'ini bo'lgan oilalarda parokandalik yuzaga keladi, farzandlar tarbiyasiz, oilalari esa boquvchisiz qoladi;
- jamiyatda an'anaviy qadriyatlarni avloddan avlodga uzatish tizimi va tadrijiy rivojlanish jarayoni buziladi, mazkur jamiyatda asrlar osha muhim o'rin tutgan milliy, tarixiy qadriyatlar ahamiyatini yo'qotishi oqibatida ma'naviyati pasayadi;
- ekstremistik va terroristik harakatlar sodir etilish orqali jamiyatda “ yovuzlik chegarasi ” pasayib, odamlar qotillik, qiynoq, bosqinchilik, garovga olish va qulchilik kabi jinoyatlarga ko'nikib qoladi.
Ayni chog'da, ushbu yovuzliklar jamiyatning muayyan qismida vahima uyg'otadi, qochoqlar oqimi paydo bo'ladi:
- terrorizm va ekstremizm, ular oqibatida kelib chiqadigan ijtimoiy beqarorlik jamiyatda kriminal jinoyatlarning avj olishiga xizmat qiladi;
- davlat tomonidan xavfsizlik choralarini ko'rish uchun byudjet mablag'larini sarflashi, shuningdek, terroristik harakat oqibatida ko'rilayotgan moddiy zarar jamiyatga iqtisodiy jihatdan katta zarar yetkazadi. Oqibatda ishsizlik oshadi, ijtimoiy muhofazaga yo'naltirilgan loyihalar bajarilmay qoladi, aholining turmush darajasi pasayadi;
- mamlakatning taqdiri qurol-aslaha sotuvchi davlatlarga bog'liq bo'lib qoladi.
Xorijga ish axtarib ketgan ayrim yoshlarimiz turli oqim a'zolarining ta'siriga tushib, yurtga qaytgandan so'ng yon-atrofdagilardan “ jamoat ” tuzishga, ularni “ hijrat ” ga olib chiqishga qaratilgan harakatlar sodir etayotgani kuzatilmoqda. Albatta, ish joyi tanlash huquqi har kim uchun kafolatlangan, biroq hozirda ayrim xorijga ketganlarning odam savdosi qurboniga aylanib qolayotgani, xor-u zor bo'lib, biron narsa orttirib qaytish o'rniga boridan ham ayrilib kelayotgani ham bor gap. Eng yomoni pul topish istagida xorijga ketganlarning ba'zilari chet eldagi yasama “ din da'vatchilari ” ning qarmog'iga ilinib, soxta “ hijrat ” va “ jihod ” da'vatlariga uchayotgani, uch-to'rt so'm uchun Suriya, Afg'oniston kabi nizo va urush o'choqlarida qo'llarini qonga belab, o'z ona-yurtiga qurol o'qtalish darajasidagi manqurtga aylanib qolayotgani bu masalaga jiddiy e'tibor qaratish lozimligini taqozo qilmoqda. U yerlarda diydasi qotgan jallodlarga aylangan bu johillar yurtiga qurol o'qtalib o'z xalqi, ota-onasi va dindoshlariga tahdid bilan dag'dag'a qilishdek tubanlikka yuz tutyaptilar.
Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi Kodeksning 202-moddasi 1-bandida faoliyati ta'qiqlangan jamoat birlashmalari va diniy tashkilotlarning faoliyatida qatnashishga undash eng kichik oylikning 5-10 miqdorida jarima to'lash yoki 15 sutka qamoq jazosi belgilangan. Jinoyat Kodeksining 216-moddasi 1-bandiga ko'ra, yuqoridagi qonunbuzarlik ma'muriy jazo qo'llanilgandan keyin qayta sodir etilgan bo'lsa, eng kichik oylikning 25-50 miqdorida jarima to'lash, 3 yilgacha axloq tuzatish, 6 oygacha qamoq, 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanadi.
Ekstremistik oqimlar o'z safiga yangi shaxslarni jalb etishda internetdagi ijtimoiy tarmoqlardan keng foydalanmoqda. Ba'zi yoshlarimiz “ Internet ” orqali o'zini “ Islom davlati ” deb atayotgan terrorchi tashkilot aqidaparast guruhlar ta'siriga tushib qolishi, “Obid qori”, “Abduvali qori”, “Rafiq qori” kabi mutaassib shaxslarning ma'ruzalarini diskda yoki qo'l telefoni xotirasida saqlab, tinglab yurish holatlari mavjud. Ayniqsa, so'nggi vaqtda hatto o'smir yoshdagi bolalar Suriya, Iroq kabi mamlakatlardagi jangarilarning faoliyatini targ'ib qiluvchi materiallarni telefonda qo'lma-qo'l qilayotganlari kuzatilmoqda. Bunday holatlar yuzasidan Din ishlari bo'yicha qo'mitaga huquqni muxofaza qiluvchi idoralardan ekspertiza uchun ko'plab materiallar kelib tushmoqda. Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi Kodeksning 184-moddasi 2-bandiga muvofiq, diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish eng kam ish haqining 25-100 barobari miqdorida jarima to'lash bilan jazolanadi. Jinoyat Kodeksining 244-moddasi 3-bandiga ko'ra, yuqoridagi noqonuniy xatti-harakat agar ma'muriy jazodan so'ng sodir etilgan bo'lsa, eng kam ish haqining 100-200 barobari miqdorida jarima to'lash yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

So'nggi vaqtda Markaziy Osiyodan chiqqan jangarilarning bir qismi Suriyadan o'z mamlakatlariga suqilib kirib olib pinhona fitna chiqarishga harakat qilmoqdalar. Vaziyatning bunday tahlikali o'zgarib borishi respublikamizda barcha jonkuyar fuqarolaridan hushyorlik va ogohlikni keskin oshirishlarini taqozo etadi. Tinchlikni saqlash xushyorlik va ogohlikni talab qiladi. Afsuski, hayotimizda sodir bo'layotgan noqonuniy xatti-harakatlarni ko'rib ko'rmaslikka oladigan, tinchlikni saqlash faqat davlatning ishi deb o'ylaydiganlar, farzandlarining tarbiyasi bilan qiziqmaydigan ota-onalar ham borligini qayd etish lozim. Vatan oiladan boshlanadi. Oilada tinchlik bo'lsa, mahalla, qishloq, shahar, viloyat va nihoyat mamlakatda osoyishtalik bo'ladi, yurt ravnaq topadi.
Farzandlarimizning ilmiy saviyalari, kasb-u, hunarlari bilan axloqiy fazilatlarini ham o'stirib borishimiz kerak. Yosh avlodning turli yot oqimlar ta'siriga tushib qolishini oldini olish to'g'risida g'amxo'rlik faqat hukumatimiz yoki ta'lim muassasalarining vazifasi emas, balki har bir ota-onaning ham muhim burchlaridan biridir.
Yana ta'kidlash joizki, tinchlikni ulug' ne'mat deb e'lon qilgan dinimizda bu yo'lda nafaqat amal bilan, balki so'z bilan ham zarar keltirishdan qaytarilgan. Shu nuqtai-nazardan, fuqarolarimiz yurtimizda tinchlik-xotirjamlikni avaylab-asrash yo'lida davlatimizning mutasaddi idoralari tomonidan amalga oshirilayotgan say'y-harakatlarni e'tiqodan qo'llab-quvvatlashlari va qo'lidan kelguncha ularga yordam berishlari lozim.
Yurtimizda hukm surayotgan tinch va osuda hayotni asrash, uning mustaqilligi va barqarorligiga munosib hissamizni qo'shish – har birimizning, shu aziz Vatanda yashayotgan barcha fuqarolarning, davlat yoki jamoat tashkilotida ishlashi, tadbirkor yoki boshqa kasb egasi bo'lishidan qat'iy nazar, eng asosiy vazifalaridan bo'lib qolmog'i lozim.

Maqolam so’ngida bir rivoyat aytib bermoqchiman.

Avg’on elida bir oila yashar ekan. Oila ota-ona va aka-singildan tashkil topgan ekan. Yurtdagi notinchlik tufayli otasi olamdan o’tibdi. Akasi esa terroristlarga qo’shilib, Iroqga qochib ketibdi. Oilaning ro’zg’ori ona va singilga qolib ketibdi. Hayotning achchiq-chuchugini tatib ko’rgan qizcha, kunlardan bir kun maktabga ketayotganida onasiga shunday debdi:

-Onajon, men maktabga ketyapman.

-Xo’p, yaxshi bor.

-Onajon, sizga qilgan yaxshi-yomon ishlarimdan rozi bo’ling. Agar bugun maktabdan qaytib kelmasam, menam sizdan roziman. Omon qaytsam Alloh menga yana mana shu qonli dunyoni ko’rishim uchun vaqt ato etgan bo’ladi.

-Menam sendan roziman qizim-deb, onasi qizini mahkam bag’riga bosib maktabiga jo’natibdi.

O’ylab ko’ringchi inson o’zini qachon o’lishini bilsa. 7 yoshga to’lgan ushbu qizchaning aqli shunday narsaga yetgan ekan, biz ushbu rivoyatdan o’rnak olib kelajakga olg’a qadam bosib, Allohga shukronalar aytib, shunday tinch yurtda yashayotganimizga shukr qilishimiz kerak!

Rahmatov Dilmurod

Foydalanilgan adabiyotlar

  • “ Barkamol avlod orzusi ” ( Islom Karimov )
  • “ Yuksak ma’naviyat yengilmas kuch ” ( Islom Karimov )
  • “ Mustaqillik ostonasida ” ( Islom Karimov )
  • “ Ma’rifat ” gazetasi
  • “ Jizzax ovozi ” gazetasi
  • “ Dunyo dinlar tarixi ” darsligi
  • “ Islom nuri ” gazetasi
  • www.daryo.uz web-sayti
  • www.kun.uz web-sayti va www.google.com web-sayti

Diniy ekstremizm, terorchilik din va millat tanlamaydi. Demak biz diniy ekstremizm va terorchilikga qarshi kurashamiz


Izohlar