VATANGA XIZMAT MUQADDAS BURCH!!!

"Vatanga xizmat muqaddas burch"


VATAN ostonadan, inson yashab nafas olib turgan go‘shadan, insonning kindik qoni to‘kilgan xonadon tuprog‘idan boshlanadi. Shu bois, inson ilk bor nafas olib, ulg‘ayib voyaga yetgan ona zaminga mehr-muhabbat va sadoqatda bo‘lishi, uning har bir hovuch muqaddas tuprog‘ini ko‘ziga to‘tiyodek surtishi, unga nisbatan bir umr farzandlik hissi bilan yashashi uning uchun ham farz, ham qarzdir. Vatanimiz tuprog‘idagi har bir qarich yer muqaddas hisoblanadi. Shuning uchun ajdodlarimiz yurt tuprog‘ini ko‘zlariga to‘tiyo etganlar, qayerga borsa ham vatan yodi bilan nafas olganlar. Yurtimiz insonlari vatanimizdan tashqarida baxt-saodatga erisha olmaydilar. Har bir insonning o‘z Vatani uning uchun dunyodagi eng go‘zal va muqaddas makondir. Vatanga mehr-muhabati bo‘lmagan insonni ota-onasiga mehri bor desalar bunga ishonib bo‘lmaydi. Ona vatanimizga sadoqatli bo‘lish, ajdodlar merosiga qiziqish, milliy ma’naviyatdan baxramandlik, o‘ziga ishonch, kelajak oldida ma’sullik tuyg‘ularini tarbiyalaydi. Ta’lim muassasalarida “Vatan himoyachilari kuni” tadbirlarini o‘tkazishning mazmun-mohiyati shundan iboratki, o‘quvchilardan Respublikamiz Qurolli kuchlarining salohiyati va obro‘si, mamlakatimiz mustaqilligi hamda xududiy yaxlitligi, xalqimizning tinch hayotini va mustaqillikni mustahkamlash yo‘lidagi bunyodkorlik mehnatini himoya qilish, yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdagi ahamiyatini keng yoritib berish, ularni o‘z vataniga sodiq va fidoiy insonlar etib tarbiyalash barcha ta’lim muassasalarining pedagogik jamoasining eng muhim vazifalaridan biriga aylangan. Bugungi kunda o‘quvchi yoshlarda vatan ravnaqi, yurt tinchligi, xalq farovonligi, komil inson, ijtimioy hamkorlik kabi milliy g‘oyalarning asosiy yo‘nalishlarini shakllantirish, bu ta’lim muassasalaridagi ma’naviy-ma’rifiy ishlarni yanada takomillashtirish an’anaga aylanib bormoqda. Yoshlarni harbiy xizmatga kuzatish marosimlarini tantanali o‘tkazish ham vatanparvarlik tizimiga kiradi. Vatanimiz, xalqimiz tinchligi va osoyishtaligini ishonchli himoya qilish, bugungi kunda har bir yigit qizning orzusi va burchiga aylanib bormoqda.

Bugun biz yoshlar mustaqil vatanimizning posbonlari,navqiron avlod vakillari, yetuk kishilar bo'lib voyaga yetishimiz uchun, milliy g‘ururni izchil shakllantirib borsak, vatanimiz shunchalik qudratli davlatga aylanadi. Vatanni, xalqimiz tinchligi va osoyishtaligini ishonchli himoya qilish, vatanparvar bo‘lish, sodiqlik, fidoyilik tuyg‘ularini xis etib yashayotgan yoshlarimiz mustaqil yurtimizning kelajagidir. Biz qo‘lga kiritgan bunday yutuqlar bilan muqaddas yurtimizda yashayotgan, millati, dini va e’tiqodidan qat’iy nazar, har bir inson haqli ravishda faxrlansa arziydi.
Barchamizga malumki birinchi prezidentimiz muxtaram I.A.Karimov tashabbuslari bilan 1992-yilning 14-yanvarida O‘zbekiston Respublikasi Oliy kengashining “O‘zbekiston Respublikasi hududidagi joylashgan harbiy qismlar va harbiy o‘quv muassasalari to‘grisda”gi qarori asosida O‘zbekistonning o‘z Qurolli Kuchlari tashkil etildi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1993-yil 29- dekabrdagi “Vatan himoyachilari kunini belgilash to‘g‘risi”dagi qonuniga binoan, 14-yanvar “Vatan himoyachilari kuni”,- deb e’lon qilindi. :Mustaqillik yillari Yurtboshimiz tashabbusi bilan amalga oshirlayotgan harbiy islohotlar jarayonida qisqa muddat ichida O‘zbekistonda mamlakatimiz xafsizligi va tinchligimiz barqarorligini, sarhadlarimiz daxlsizligini ishonchli himoya qilishga har jihatdan qodir bo‘lgan, zamonaviy, eng yangi qurol-yarog‘lar va harbiy texnika bilan ta’minlangan, mutlaqo yangi milliy armiyamiz vujudga keldi.


Samarqand Davlat Chet Tillari Institutida tashkil etilgan "Yosh Notiqlar" to'garagi qatnashchisi 2-bosqich talabasi Mirzaqulov.A tomonidan maqola.


Izohlar