Aql gimnastikachisining hayot falsafasi

Yoshlar - mamlakat kelajagi

Aql gimnastikachisining hayot falsafasi

Insoniyatning eng ajoyib ixtirolaridan biri shaxmat hisoblanadi. Bir yarim ming yildan ortiq tarixga ega bo'lgan bu o'yin ko'pchilikni o'ziga maftun qilgan. O'zbekiston ayollar terma jamoasi a`zosi, xalqaro toifadagi sport ustasi, «O'zbekiston belgisi» ko'krak nishoni sohibasi Sevara Boymurodova ham shaxmatni hayotining mazmuniga aylantirgan.

U bolaligida otasi bilan avval shashka o'ynashni o'rgandi. Uni puxta o'rgach, zerika boshladi va shaxmatni o'rgandi. Kundan-kun yangi formulalar asosida o'ynashni mashq qildi. Buni ko'rgan Sevaraning ota-onasi uni shaxmat to'garagiga olib bordi.

2006 yildan buyon shaxmat bilan jiddiy shug'ullanib kelayotgan Sevara mashg'ulotlar davomida bir qancha natijalarga erishdi. Jumladan, 2007-2008 yillarda «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati tomonidan o'tkazilgan «Kamolot shaxmat taxtasi» respublika bosqichida 1-o'rinni, yana shu yil Bekobod shaxrida tashkil etilgan «Sport ustalari musobaqasi»da 2 o'rinni, ayollar o'rtasidagi O'zbekiston chempionati 1 Liga finalida 1-o'rinni egallab, Oliy liga bosqichiga yo'llanma oldi. 2010 yil ayollar o'rtasidagi O'zbekiston chempionati 1 Liga finalida 1-o'rinni egallab, sport ustasi unvoniga ega bo'ldi. 2012 yil G.Agzamov xotirasiga bag'ishlangan halqaro turnirda ishtirok etib, halqaro toifadagi sport ustasi talabini bajardi. 2014 yil Norvegiyaning Tromso shaxrida bo'lib o'tgan 49-Butunjahon shaxmat Olimpiadasida O'zbekiston ayollar terma jamoasi safida ishtirok etib, halqaro toifadagi sport ustasi talabini bajardi. 2015 yil Toshkent shahrida bo'lib o'tgan «Tashkent Round Robin» halqaro turnirida 1-o'rinni egalladi. Uning muvaffoqiatlari bu bilan yakunlanib qolmadi. U 2015 yil Qozog'istonning Olmaota shahrida bo'lib o'tgan 4-Markaziy Osiyo kubogi ishtirokchisi bo'ldi. Shu yilning o'zida 2015 yil Rossiyaning Perm shahrida bo'lib o'tgan «Gubernator kubogi» halqaro turnirida klassik va rapid yo'nalishlarida 3-o'rinni qo'lga kiritdi.

- Biror mashg'ulot bilan jiddiy shug'ullanganingiz sari uning yangi sahifalari ochilaverar ekan, - deydi u. - Shaxmatda ham shunday. Bugun uning bir jihatini o'rgandim deganimda, ertaga yanada yangi qirralari paydo bo'laveradi. Shu bois bunday mashg'ulotlarni doimiy ravishda o'rganib, ko'nikmalarni yangilab borish kerak, deb hisoblayman. Chunki bugun siz uchun yangi va murakkab ko'ringan formula ertaga o'z o'rnini yo'qotishi mumkin. Odatiy bilim shaxmat uchun kamlik qiladi. Menimcha, haqiqiy shaxmat ustasida doim yangi formula bo'lishi kerak. Shundagina u tan olinadi.

Sevara 2015 yildan buyon O'zbekiston shaxmat federatsiyasida faoliyat olib bormoqda. Shu yillarda O'zbekiston shaxmat federatsiyasida o'tkazilgan bir qancha shaxmat musobaqalariga rahbarlik qildi. «Toshkent yozi», «Toshkent kuzi», «Toshkent qishi» hamda 2016 yilda bo'lib o'tgan Respublika birinchiliklarida bosh hakam o'rinbosari va chiziq hakami vazifalarini bajardi. U hozirda shaxmat bo'yicha birinchi toifali hakam. Shuningdek, o'z lavozimi va ishiga juda mas`uliyatli. Qat`iy hayotiy pozitsiyasi, intiluvchanligi va shaxmatga muhabbati uni hali baland-baland marralarga yetaklashi shubhasiz.

Arofat JALILOVA,

«Jamiyat»ning jamoatchi muxbiri


Sevaraning qat`iy hayotiy pozitsiyasi, intiluvchanligi va shaxmatga muhabbati uni hali baland-baland marralarga yetaklashi shubhasiz.


Izohlar