​Ishbilarmon ayollar aniqlandi

Ishbilarmon ayollar aniqlandi

Mamlakatimizda yaratilgan qulay ishbilarmonlik muhiti va qator shart-sharoitlar natijasida tadbirkor, ishbilarmon ayollar soni yil sayin ortib bormoqda. Buni O'zLiDeP tomonidan o'tkazib kelinayotgan «Ishbilarmon ayol» ko'rik tanlovi misolida ham ko'rish mumkin.

Shu kunlarda respublikamizning barcha viloyatlarida ko'taringki ruhda tashkil etilayotgan mazkur ko'rik tanlovning hududiy bosqichlarida yangidan-yangi tashabbuskor va tadbirkor ayollar kashf etilmoqda.

Xususan, Andijon viloyatida o'tkazilgan tanlovda viloyatdagi eng tajribali, shu bilan birga endigina o'z biznesini yo'lga qo'ygan xotin-qizlar mahalliy bozor va eksportga yo'naltirilgan, o'zlari ishlab chiqargan mahsulotlari, istiqbolli biznes rejalari bilan ishtirok etishdi.

- Tanlovda kashtachilik na`munalarim bilan ishtirok etib, g'olib bo'ldim va tanlovning respublika bosqichiga yo'llanma oldim, - deydi hunurmand Madina Abduraimova. - Aytish kerakki, bugungi tanlovda tom ma`noda raqobat kuchli bo'ldi. Sababi, bizning viloyatimizda tadbirkor, kichik biznes, hunarmandchilik bilan shug'ullanadigan, o'z ishining ustasi bo'lgan, uddaburon, ishbilarmon xotin-qizlar ko'pchilikni tashkil etadi. Bir-biridan bejirim, sifatli, qolaversa, mahalliy bozorda talab katta bo'lgan mahsulotlar bilan ishtirok etgan opa-singillarimizning tadbirkorlik sohasidiga hamda huquqiy savodxonligi ham sinovdan o'tkazildi. Hakamlar tomonidan yuqori baholangan ishlar mualliflari tanlovda ishtirok etgan qatnashchilar bilan o'zaro tajribalarini almashishdi.

Bundan tashqari, Farg'ona viloyatida tashkil etilgan mazkur ko'rik tanlov ham vodiy ishbilarmon ayollarida katta taasurot qoldirdi. Tanlov Vatanimiz kelajagi yo'lidagi intilishi, izlanishlaridagi faol ishtirokini rag'batlantirish orqali bugunning zamonaviy tadbirkor ayol qiyofasi yaratilganligi bilan katta ahamiyat kasb etdi. Ko'rik-tanlovning shahar, tuman bosqichlarida muvaffaqiyatli ishtirok etgan 30 nafar xotin-qizlar viloyat bosqichida ishtirok etib, o'z mahsulotlari ko'rgazmasini namoyish etishdi.

- Hunurmandlar, tadbirkorlar beshigi bo'lmish Farg'onada o'tkazilgan mazkur tanlovda g'olib bo'lish oson kechmadi, - deydi «Intelekt magistr» MChJ rahbari Iroda Baxriddinova. - Ham o'quv kursi, ham tikuv seximizda yo'lga qo'ygan ish faoliyatimiz hakamlar tomonidan yuqori baholangani va menga viloyatimiz sharafini himoya qilish uchun respublika bosqichiga yo'llanma berishgani juda katta mas`uliyat ekanligini his etyapman. Chunki, respublikamiz ayollar har sohada, ayniqsa, tadbirkorlik, fermerlik, ishlab chiqarishda yangi yangi g'oyalari bilan ishtirok etib kelishyapti. Men ham mana shunday ayollar qatorida mamlkatimiz mustaqilligiga tuhfa sifatida tanlovda taqdim etgan biznes rejamdagi g'oyalarni tezroq hayotga joriy etishga va yanada ko'plab yangi ish o'rinlarini yaratishni o'z oldimga maqsad qilib qo'ydim.

Shuningdek, mazkur tanlov barcha viloyatlar singari O'zLiDeP Surxondaryo viloyat Kengashi tomonidan ham «Go'zal va betakrorimsan, muqaddas Vatanim, jonim senga fido, O'zbekistonim!» degan bosh g'oyani o'zida mujassam etgan «Mustaqillikka mening hissam» shiori ostida o'tkazildi.

Ma`lumot o'rnida aytish joizki mazkur «Ishbilarmon ayol» ko'rik-tanlovning tuman (shahar) bosqichlarida viloyat miqyosida 70 ga yaqin faol, ishbilarmon va tadbirkor ayollarning ishtiroki qamrab olingan bo'lsa, saralangan 14 nafar eng faol ishbilarmon ayollar ko'rik tanlovning viloyat bosqichiga yo'llanmani qo'lga kiritdi.

Ko'rik-tanlov davomida hay`at a`zolari ishtirokchilar tomonidan namoyish qilingan ko'rgazmalar hamda ularning tadbirkorlik va ishbilarmonlik ko'nikmalarini qay darajada o'zlashtirganligi, qishloq xo'jaligi va ishlab chiqarish sohasini rivojlantirish borasida ishlab chiqqan innovatsion loyihalari, partiya faoliyatidagi faol ishtiroki kabi jihatlariga alohida e`tibor qaratib baholab borishdi.

- O'zbekiston Liberal - demokratik partiyasi tomonidan ishbilarmon, tadbirkor ayollarni qo'llab-quvvatlash maqsadida o'tkazilayotgan ko'rik-tanlovda milliy, ekportbop gilamlarimim bilan ishtirok etib 1 o'rinni qo'lga kiritdim, - deydi muzrabotlik «Ostona gilamchi» oilaviy korxonasi rahbari Dilafruz Vallayeva. - O'ylaymanki, yurtimizda ayollar tadbirkorligini rivojlantirishda bunday tadbirlarning ahamiyati nihoyatda katta.

Respublikamizning barcha xududlaridagi tadbirkor ayollarni birlashtirgan mazkur tanlov Qoraqalpog'iston Respublikasi Kengashi tomonidan ham yuqori saviyada tashkil etildi.

- Mazkur tanlov ko'tarinki ruhda o'tkanligi bilan ko'p sonli xotin-qizlarni o'z safiga jalb etdi, - deydi Taxtako'pir tumani «Rano-chevar» xususiy korxonasi rahbari Ulbosin Annabayeva -Chunonchi, xotin-qizlar o'rtasida tadbirkorlik sub`ekti o'rtasida xo'jalik aloqasini kengaytirish maqsadida tashkil etilgan mazkur tanlovning shahar va tuman bosqichlarida 250 dan ortiq ayollar o'zaro bellashdi. Men ham mazkur tanlovda qoraqalpoq xalqining milliy naqshlari tushirilgan kiyimlar, to'qimachilik bo'yicha tayyorlagan ishlarim bilan qatnashib, tanlovning eng oliy o'riniga loyiq deb topildim. Yo'lga qo'ygan ishimni yanada kengaytirib, kelgusida kollej bitiruvchilari, ayniqsa, qizlarning bandligini ta`minlash, ularga o'z hunarim sir-asrorlarini o'rgatishni niyat qilganman.

Yaqinda Poytaxtimizda ham «Ishbilarmon ayol» tanlovining shahar bosqichi bo'lib o'tdi. Unda Toshkent shahrining tumanlaridan saralab olingan yuzga yaqin tadbirkor ayollar o'zlari ishlab chiqargan eksportga yo'naltirilgan va import o'rnini bosuvchi maxsulotlari va istiqbolli biznes rejalari bilan ishtirok etishdi.

Ko'rik-tanlovda ko'rsatilgannominatsiyalar bo'yicha taqdim etilgan loyihalar asosida yuqori natijalarga erishgan va xotin-qizlar o'rtasida tadbirkorlikni rivojlantirishda hamda yangi ish o'rinlari yaratishda tashabbus ko'rsatgan ishtirokchilar yuqori o'rinlarga munosib ko'rildi.

- Aynan mustaqillik yillarida tadbirkorligimni boshlaganim mening katta yutug'imdir, - deydi «Torgovoye oborudovaniye» MChJ rahbari Rinata Yusupova. - Istiqlol bergan imkoniyatlardan unumli foydalangan holda 15 yildan buyon tadbirkorlik faoliyati bilan shug'ullanib kelaman. Bugungi kunda 50 turdagi ishlab chiqarayotgan mahsulotlarimiz aynan import o'rnini bosuvchi maxsulot sifatida mahalliy bozorda talabgorlari kun sayin ortib bormoqda. Bozor talab va takliflarini o'rganib, joriy yilda yangi uskunalar olib kelib, ish o'rinlarini 100 taga yetkazdik. Tanlov endigina o'z biznesini boshlagan va biznesda o'z o'rniga ega xotin-qizlar ishtirokidagi ikki avlod uchrashuvi misolida o'tganligi ham ahamiyatli bo'ldi.

Tadbir so'ngida tanlov g'oliblari hamda partiya «Ayollar qanoti» tomonidan o'tkazib kelinayotgan «Sog'lom oila-mustahkam oila» va «Oilaviy tadbirkorlikdan-mustahkam oilaga» nomli loyihalarining faol targ'ibotchilariga partiyaning diplom va esdalik sovg'alari topshirildi.

Arofat JALILOVA,

«Jamiyat»ning jamoatchi muhbiri

Mazkur tanlov ko'tarinki ruhda o'tkanligi bilan ko'p sonli xotin-qizlarni o'z safiga jalb etdi


Izohlar