Ibratga loyiqmisiz?


Bir necha kun oldin ukamning tug'ilgan kuni munosabati bilan dadam barchamizni restoranga olib bordilar. U yerda Bobom, buvimlarning yaxshi tilaklari, har xil she'r va tabriklar bilan kechamiz juda ham chiroyli o'tayotgandi. Ammo yonimizdagi stoldan 35-40 yoshlardagi 3 ayolning o'zaro baland ovozda suhbatlashishlari va bu suhbatda ishlatilayotgan mentalitetimizga xos bo'lmagan "kurakda turmaydigan" behayo so'zlar restorandagi deyarli barcha kishining e'tiborini tortayotgandi. E'tibor berib qarasam shu ayollardan biri o'zimga dars bergan, hurmat qiladigan o'qituvchim ekanlar. Qadrdon ustozimni bu ahvolda ko'rib, judayam xafa bo'lib ketdim. U kishining ko'zlari ham meni ko'rib turardi, ammo o'zlarining "qiziqarli" suhbatlarini hech to'xtatmadilar. Bizlarga odob haqida, chiroyli so'zlash, barchani hurmat qilish haqida dars bergan o'qituvchimiz endi o'z gaplariga ham rioya qilmasdilar. Birozdan so'ng baland musiqa sadosi eshitildi. Va o'sha stoldagi uchala ayol ham barchaning ko'z oldida o'ynay boshlashdi. boshqa stoldagilar ham ularga qo'shilishsa ham, ularning qandaydir "beo'xshov" raqsini kuzatishda davom etdim. O'zbek ayollariga xos andisha qayerda qoldi deya o'ylab qoldim. Biz shu kishidan tarbiya olyapmizmi? ...

Ustozimdan ranjib ularni boshqa kuzatmadim. Ukam uchun tilaklar bildirib, oilaviy suhbatlarni tinglab kechani yaxshi kayfiyat bilan o'tkazyotgandim-u , ammo endi uyga qaytaylik deb turganimizda kassa oldida janjal bo'lyotganiga ko'zim tushdi. Buni qarangki, janjalni ham aynan o'sha ayollar ko'tarishgan ekan. Nega janjallashishlariga sabab esa juda oddiy:

- O, uka! 4 ta emas 3 ta aroq etgandingku! Yolg'on gapirishga uyalmaysanmi?

_ Opa, mana yozib qo'yilgan.

Gapga o'qituvchim ham aralashdilar:

- Ukajon, bo'ldi qiling, biz 3 ta olgandik, 3 taga to'laymiz...

Ularning quloqqa yoqmaydigan suhbatini ortiq eshitib turolmadim... Ammo mana shu so'zlardanoq bugungi holatlarning haqiqiy sababini bilgan edim. Ulardan andishani, uyatni tortib olgan narsa- o'sha 3 yoki 4 shisha spirtli ichimlik ekanda... Shartta restorandan chiqdim-u, oldinda ketayotgan oyimning qo'llarini ushlab oldim. Oyim esa menga qarab: "Qizim, ustozing haqda dugonalaringga aytib yurma. Har holda u ustozing" - deb qo'ydilar...

Azaldan go'zallik, nazokat timsoli bo'lib kelgan ayollarimizning bu kabi o'zlariga yarashmaydigan qiliqlari bugun juda ko'p joylarda ko'zga tashlanadi. Ko'cha- ko'yda, restoranlarda , yig'inlarda ayollarimiz ham spirtli ichimliklar ichishlari, chekishlari - o'zbek onasiga xos bo'lmagan andishasizliklari bugun barchamizni tashvishga solyotgani, ayni haqiqat. Xorijiy filmlar orqali ba'zi holatlarda ayollarning ham tamaki chekishi, spirtli ichimliklar ichishini kuzatganmiz. Ammo endi bularni ko'rish uchun televizor ko'rish ham shart bo'lmay qoldi. Faqat ayollarda emas, balki 18-19 yoshli qizlarimizda ham mana shunday holatlarni kuzatishimiz mumkin. Axir bu ularning kelajaklariga qanchalik zararli. Alkogol mahsulotlari, tamaki kabilar juda ko'p asoratlarga egaligini nahotki ular bilishmasa?! Ko'plab holatlarda bepushtlik, nosog'lom yoki o'lik bolalarning tug'ilishi nimaning oqibati deb o'ylaysiz?

Statistika ma'lumotlariga ko'ra, chekayotgan ayollar chekmaydigan ayollarga nisbatan stenokardiya bilan 13 marta, oshqozon yarasi bilan 10 marta, miokard infarkti bilan bir marta ko'proq zararlanadilar. 96-100% kashanda ayollar o'pka raki bilan kasallanishadi. Alkogol mahsulotlarini ichuvchi ayollarda infarkt, Jigar sirrozi, ko'plab yurak kasalliklari kelib chiqar ekan. "Ommaviy madaniyat"ning eng zararli ko'rinishi bo'lgan, shuning bilan birga o'zbek qizlariga, o'zbek onalariga xos bo'lmagan bunday holatlarni bartaraf etish avvalo, o'zimizning qo'limizda. Biz sog'lom kelajakni barpo etishni maqsad qilib , mana shu yo'ldan ildam qadamlar ila borayotgan bir davrimizda, zamonamiz qizlarining- bo'lajak onalarning, kelajak bunyodkorlarining bunday illatlarga oshno tutinishlari - hech birimizni tashvishga solmay qo'ymaydi.

Aziz ayollar, unutmangki, siz xoh o'qituvchi bo'ling, xoh shifokor, xoh uy bekasi, yoinki tadbirkor- siz- farzandlaringizning birinchi ustozi- tarbiyachisi hisoblanasiz! Ular sizdan o'rnak olishadi, sizning har bir harakatingizni to'g'ri deb baholashadi. Qay biringiz o'g'lim ichuvchi, qizim baxtsiz bo'lsin deb orzu qilasiz? Dunyodagi har bir ona farzandlar kamolini o'ylaydi, albatta! Lekin bugun sizning bu odatingizni ko'rgan o'g'lingiz ertaga ichkilikka ruju qo'ymaydi deb kim kafolat bera oladi? Yoki bo'lmasa, sizdan ibrat olib ichishga qo'l urgan qizingiz ertaga yo bepusht bo'lib , yo nogiron farzand ko'rib baxtsiz bo'lishini istaysizmi? Istamas ekansiz, bunday zararli odatni avvalo o'zingizdan yiroq tuting. Shundagina siz yurtimizning umidli kelajagi uchun munosib avlodlar tarbiyalagan bo'lasiz!


Dilafro'z Istamova

Buxoro viloyati, Shofirkon pedagogika kolleji


Izohlar
  • Ularni koriw uchun televizor korish kerak bolmay qoldi! - Ajoyib

    yozilgan 10:57 13.06.2016
  • To'g'ri, o'zbek qizlariga yarashmaydigan odat!

    yozilgan 00:41 13.06.2016