Terrorizmga qarshi kurashda sa’y-harakatlarni birlashtirish yo‘lida

Terrorizmga qarshi kurashda sa’y-harakatlarni birlashtirish yo‘lida
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademiyasida “Terrorizmga transmilliy tahdid sifatida qarshi kurash: O‘zbekiston tajribasi va xalqaro amaliyot” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Tadbir “O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademiyasida huquqni muhofaza qilish organlari uchun kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirishga ko‘maklashish” loyihasi doirasida YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchi ofisi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
O'zAga ko'ra, konferensiyada milliy ekspertlar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari, BMTning Narkotiklar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi, ShHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qo‘mitasi, MDHning Aksilterror markazi, YeXHT Kotibiyati mutaxassislari ma’ruza qildi.
O‘zbekiston Respublikasi IIV akademiyasi boshlig‘i Shavkat Ikromov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Farrux Dadaxo‘jayev, YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi Derd Sabo va boshqalar mazkur konferensiya xalqaro tashkilotlar darajasida samarali hamkorlik vositalaridan biri sifatida xizmat qilishini ta’kidladi.
Anjuman qatnashchilari xalqaro terrorchilik tuzilmalari faoliyatining so‘nggi vaqtda dunyoning deyarli barrcha mintaqalarida, jumladan, Yaqin Sharq davlatlarida kuzatilayotgan yangi ko‘rinishlarini tahlil qildi. O‘zbekiston Respublikasi istiqlolning dastlabki yillaridan terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish masalasida mustahkam pozitsiyasiga ega bo‘lib, tinchlik hamda barqarorlikni ta’minlashda o‘z o‘rnini mustahkamlab, yanada kuchaytirayotgani alohida ta’kidlandi.
Prezidentimiz Islom Karimov BMT, YeXHT, ShHT, MDH va boshqa xalqaro hamda mintaqaviy tashkilotlar minbarlarida so‘zlagan nutqlarida terrorizm va diniy ekstremizmga qarshi kurashishda dunyo miqyosida hamkorlikni kuchaytirish zarurligini bir necha bor ta’kidlagan edi. Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining 1999-yil noyabr oyida bo‘lib o‘tgan Istanbul sammitida davlatimiz rahbari BMT tuzilmalarida terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha xalqaro markaz tashkil etish g‘oyasini ilgari surdi. Bu tashabbus xalqaro hamjamiyat tomonidan qo‘llab-quvvatlandi va 2001-yilda BMT Xavfsizlik kengashi huzurida terrorizmga qarshi kurash qo‘mitasining tashkil etilishi bu g‘oyaning amaliy natijasi bo‘ldi.
– O‘zbekiston global va mintaqaviy darajada ilgari surayotgan tashabbuslar terrorizmga qarshi kurashda muhim ahamiyat kasb etmoqda, – dedi BMTning Narkotiklar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi rahbari Ashita Mittal. – O‘zbekiston BMT Xavfsizlik kengashi tomonidan terrorizm va diniy ekstremizmga qarshi kurashish doirasida qabul qilingan 14 xalqaro konvensiya va protokolni ratifikatsiya qildi. Mamlakatingiz ushbu hujjatlarga qo‘shilib va ularning asosiy qoidalarini milliy qonunchilikka implementatsiya qilishdan tashqari, ularni hayotga tatbiq etish bo‘yicha davlat hamda jamoat tuzilmalarini tashkil qildi. Yosh avlodni tinchlikparvarlik va bag‘rikenglik ruhida tarbiyalash orqali terrorizmning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar alohida e’tiborga sazovordir. Bu borada mahalla instituti muhim o‘rin tutmoqda.
Tadbirda O‘zbekistonda milliy xavfsizlikni ta’minlash uchun terrorizmga qarshi kurashishda O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi, “Terrorizmga qarshi kurash to‘g‘risida”, “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunlar va boshqa me’yoriy-huquqiy hujjatlardan iborat jiddiy qonunchilik bazasi shakllantirilgani haqida so‘z yuritildi.
Masalan, 2000-yilda qabul qilinib, keyinchalik takomillashtirilgan “Terrorizmga qarshi kurash to‘g‘risida”gi qonunda mamlakatimizda terrorizmga qarshi kurashish choralarini amalga oshiradigan davlat organlari va ularning xavfsizlik hamda barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha vakolatlari belgilangan. Bundan tashqari, mazkur hujjatda terrorchilikka qarshi operatsiyalar o‘tkazish, terrorchilik harakati oqibatida yetkazilgan zararni qoplash va jabrlangan shaxslarning ijtimoiy reabilitatsiyasi, terrorizmga qarshi kurashda ishtirok etgan shaxslarning huquqiy va ijtimoiy himoyasi masalalariga katta e’tibor qaratilgan.
Ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash strategiyasini amalga oshirishda hamkorlik prinsipiga rioya etayotgan mamlakatimiz manfaatdor barcha davlatlar bilan uzoq muddatli munosabatlar o‘rnatishga intilmoqda. Har qanday ko‘rinishdagi terrorizm va ekstremizm ko‘plab mamlakatlar va ularning fuqarolari xavfsizligiga tahdid solayotgani bois ularga katta siyosiy, iqtisodiy hamda ma’naviy zarar yetkazmoqda.
– ShHT va uning tuzilmalari ta’sischilaridan biri bo‘lgan O‘zbekiston tashkilotni rivojlantirish strategiyasini belgilash hamda amalga oshirishda faol ishtirok etmoqda, – dedi ShHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qo‘mitasi direktorining o‘rinbosari Vitaliy Burov. – ShHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi 2004-yilda rasman ochilganidan buyon huquqni muhofaza qilish idoralari mutaxassislarining sa’y-harakatlari va hamkorligini birlashtirish uchun amaliy vosita va platformaga aylandi.
Tadbir davomida terrorizmga qarshi kurashishning xalqaro-huquq asoslari, terrorchilikka qarshi kuchlarning o‘zaro hamkorligini ta’minlash va sa’y-harakatlarini muvofiqlashtirishga taalluqli masalalar ham muhokama etildi.
Mazkur xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya amaliy muloqot va fikr almashish uchun o‘ziga xos platforma bo‘ldi. YeXHT Kotibiyatining Transmilliy tahdidlarga qarshi kurashish departamenti direktori Aleksey Lijenkovning ta’kidlashicha, konferensiya nafaqat ilmiy, balki amaliy xususiyatga ham egadir. Negaki, anjuman mintaqaviy va xalqaro tashkilotlar, huquqni muhofaza qilish idoralari hamkorligining yangi qirralarini ochib berdi.

konimex 7-maktab


Izohlar