Navro'z - ming yillik milliy qiyofamiz, olijanob urf-odatlarimizning betakror ifodasi!

Xalqimiz hayotidagi muhim sanalar, bayramlar orasida Navro‘z o‘zida qadimiy an’ana va urf-odatlarimiz, mehr-oqibat va saxovat kabi yuksak insoniy fazilatlarni namoyon etishi bilan ajralib turadi.

Bir necha ming yillik tarixga ega ushbu bayram ajdodlarimiz tomonidan sharqona yangi yil sifatida keng nishonlab kelingan. Inson va tabiat o‘rtasidagi mushtaraklik, dehqonchilik mavsumining boshlanishi Navro‘z shodiyonalarida o‘z ifodasini topgan. Shuning uchun ham asrlar osha bu bayram boqiy qadriyat, milliy marosim sifatida yashab kelmoqda. Zero, Prezidentimizning “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” asarida qayd etilganidek, Navro‘z bayrami biz uchun hayot abadiyligi, tabiatning ustuvor qudrati va cheksiz saxovatining, ko‘p ming yillik milliy qiyofamiz, olijanob urf-odatlarimizning betakror ifodasidir.

Xalqimizga xos an’ana va fazilatlar mujassamligi uchun ham olis va yaqin tariximizda bu bayramni cheklash, uni odamlar qalbidan o‘chirishga urinishlar bo‘lgan. Lekin ota-bobolarimiz har qanday sharoitda, hatto yashirincha bo‘lsa-da, Navro‘zni nishonlaganlar, bayramga xos udumlarni ado etganlar. Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan milliy o‘zlikni anglash, ma’naviy qadriyatlarimizni tiklashga qaratilgan yuksak e’tibor tufayli Navro‘z yurtimizda umumxalq bayrami deb e’lon qilindi va har yili an’anaviy tarzda keng nishonlanmoqda. Bu yil ham milliy qadriyatlar va qadimiy an'analarni o'zida jam etgan Navro'z bayrami Toshkent shahridagi INHA universiteti ma'muriyati va talabalari tomonidan katta tantana va ko'tarinki ruhda nishonlandi . Ushbu kundagi Navro'z sayli nafaqat universitet ma'muriyati va talabalari , balki chetdan taklif qilingan katta kichik mehmonlar uchun ham uyushtirilgan edi. Bayram uchun tayyorlangan kuy - qo'shiqlar , bayram tabriklari , lapar va hangomalar , va milliy raqslardan tortib hindcha , koreyscha , panjobcha raqslar mehmonlar ko'nglini hushnud etgan bo'lsa , milliy qadriyatlarimizni o'zida jam etgan arqon tortish , kim oladi shugunani , kurash kabi milliy o'yinlarimiz universitet talabalari tomonidan sevib o'ynaldi.

Navro‘zda o‘tkaziladigan asosiy marosimlardan biri bu – sumalak pishirish bilan bog‘liq. Shunday ekan , Toshkent shahridagi INHA universitetida ham Navro'z sayli munosabati bilan tashkil qilingan tadbir sumalakka ulashib ketdi. Qadimdan sumalakni asosan ayollar tayyorlashgan bo'lishiga qaramay universitetimizda amalga oshirilgan sumalak bazmida talaba yigit- qizlar birgalikda hizmat qilishdi. Sumalak bazmi azaldan kishilarda birdamlik, ahillik hissini tarbiyalab kelgan. Talabalar ham qozon atrofida suhbat qurishib, hikoyalar ertaklarga , ertaklar rivoyatlar va latifalar ulashib , sumalak sayli ham qizg'in tus oldi.

Ma'lumki , sumalak sayli (bazmi) asosan ikki qismdan: sumalak tayyorlash va sumalakxo‘rlikdan iborat bo‘lgan. Ko'pchilik mehnati singan , mehr ila tayyorlangan doshqozondagi sumalakdan totib ko'rish uchun erta tongdan INHA universiteti a'zolari va boshqa mehmonlar dasturxon atrofiga taklif qilindi. Sumalak bilan birgalikda osh tarqatildi va bayram shukuhi yana davom etdi.

Xulosa o'rnida shuni aytish joizki , bunday tadbirlar biz yoshlarning xalqimiz tarixi va madaniyati, boqiy an’ana va qadriyatlari haqidagi bilim va tasavvurni boyitishga bevosita xizmat qiladi.

Toshkent shahridagi Inha Universiteti talabasi Jabborxonova Shokhsanam tomonidan tayyorlandi.


Izohlar