Adashgan yoshlar

Yoshlar...

Bu birgina so'z nimani anglatadi? Yoshlar bu shunaqangi katta kuch ekanki, ular har qanday vaziyatda haqiqat uchun kurasha oladi. Ular hamisha o'z fikrini balandla ayta oladi, ular istagan vaqti o'zgara olishi va istagan vaqti o'zgalarni ham o'zgartira olishi mumkin. Ularning yoshi ulug', hayotiy tajribaga ega insonlardan eng katta farqi va yutug'i shundaki, ular hayotda oz bo'lsada o'z fikrlash doirasiga ega lekin yo'qotadigan hech narsasi yo'q. Ular hammasiga kelajakda erishadi. Muhtaram prezidentimiz so'zlari bilan aytganda esa, "Yoshlar har bir davlatning kelajagini belgilaydi". Aynan shu sababli ham bizning davlatimizda yoshlarga bo'lgan e'tibor juda yuqori. Toki, yurtimiz kelajagi ishonchli qo'llarda bo'lishi uchun.

Bu borada chet tillarini bilish ham yoshlar uchun eng kerakli bilimlardan biri. Bu o'z o'rnida chet davlatlari haqida chuqurroq o'rganishga va shu davlatga borish istagi uyg'onishiga sabab bo'ladi. Axir kim ham istamas ekan eng rivojlangan davlatga borib, u yerda ishlashni va dunyoning yarmi orzu ham qilolmaydigan ish haqi olishni... Fikrimcha bu istak juda ham ko'plab yoshlarimizda bor. Bizning davlatimizda esa buni amalga oshirish uchun juda ham keng yo'l ochib berilgan. Qobiliyati va harakati bor bo'lgan har qanday inson istagan davlatiga borib ishlashi yoki sayohat qilishi mumkin.

Bu yaratilayotgan imkoniyatlardan esa har kim har xil foydalanadi. Kimdir chet elga chiqib o'z yo'lini topolmay qaytib kelsa, yana kimdir uyiga mo'maygina daromad jo'natadi, yana kimlardir o'sha yerda o'z baxtini ham topadi. Lekin shunday insonlar borki, ular juda ham iqtidorli. Bilimiga nafaqat bizning davlatimiz balki, butun dunyo tan beradi. Va bu insonlar chet elda taklif qilingan juda ham ko'p daromad uchun o'z hayotini butunlay o'sha yerda qurishga qaror qiladi. Hatto fuqaroligini almashtirishga ham rozi bo'ladi. Bundaylar ayniqsa hozirgi kunda yoshlarimiz orasida ko'plab uchrab turadi. Shu o'rinda bir savol turadi. Nima uchun chet elga chiqish uchun ayniqsa yoshlarga keng imkoniyat yaratilgan edi? Axir bundan asosiy maqsad, yoshlarni rivojlangan barcha davlatlarni ko'rib, ularning eng so'ngi yutuqlarini o'rganishi, har tomonlama teran fikrlay oladigan mutahassis bo'lib yetishishiga zamin yaratish emasmidi? Axir ularning vazifasi O'zbekiston nomini butun dunyoga tanitib qo'yish edi. O'z vatanini alishgan bunday insonlarni yuzaki boshlariga ko'tarsa ham, ichidan hamma ustidan kulmaydimi? Endi ulardan yurtimizga nima naf? Yurtni ona, ularni esa farzand deb tasavvur etib ko'raylik. Ona farzandga oq sut berib ulg'aytiradi. Hech kimdan kam bo'lmasin deb hamma sharoitni yaratib beradi. Unga ishonib butun mehrini beradi, bolam deb ko'klarga ko'taradi. Bir kuni esa farzand onasidan oq fotiha olib uydan chiqadi va ko'chada boshqa bir ayol unga "Haqiqiy onang menman" deb aytgan gapiga ishonib, o'z onasidan voz kechadi. Boshqa ayolni onam deb ketaveradi. Endi haqiqiy onaning ahvoli ne kechadi? Butun ishonchi farzandi bilan ketgan bo'lsa...

Endi shunday "Farzandlar"ning kelajagi nima bo'ladi? O'z onasini sog'inmasmikin? Vaqtlar kelib "Mening vatanim aslida O'zbekiston edi" deb yuragi azob chekmasmikin? Vaqtlar kelib oynadan O'zbekiston tomonga qarab turib, yoshlikda qilgan hatosi haqida o'ylamasmikan? Farzandlari esa o'sha yurtni vatanim deb tug'iladi va shunday ulg'ayishadi. Vaqtlar kelib farzandlari bilan O'zbekistonga sayohat qilsa, "Nega shunday jannatmakon diyorni tashlab ketgansiz ota?" degan savoliga qanday javob beradi? Rosti bular haqida men to'liq fikrlay olmayman. Faqat shuni bilamanki, bu juda ayanchli bo'ladi.

Men ham yuqorida aytib o'tgan chet elga chiqishni orzu qiladigan yoshlarning biriman. Mening o'z maqsadim bor. Men chet elga chiqib O'zbekiston yoshlari qanday imkoniyatlarga ega ekanini ko'rsatib qo'yishni istayman. Men hatoga yo'l qo'yib chet elda yashayotgan "Vatandosh"larimiz oldiga borib balandla "Men O'zbekiston farzandiman" deb aytishni xoxlayman. Vatanimga qaytganimda esa uni kelajagi uchun o'z hissasini qo'sha oladigan yetuk inson bo'laman. Vatanim menga bergan barcha mehri va imkoniyatlariga javoban, yurtimni dunyoga tanitaman!

Chet elga ko'p daromad uchun sotilganlar haqida


Izohlar