Milliylik ko'zgusi

O'zbegimning to'ylarining «yor-yorlari» boshqacha,

Sumalagu, xalim pishgan bahorlari boshqacha,

Alla tinglab beshikda go'dak uxlar bek kabi,

Ko'pkarida sovrin olgan tulporlari boshqacha…

Vatan tuyg'usi qadrdon xotiralarga yo'g'rilgan bolalikdir. Tug'ilishing bilan sening qulog'ingga aytilgan azon, onangning sehrli allasi, beshikning dastasiga ilingan ko'zmunchoqning shiqirlashi – bularning bari sen uchun qadrdon tuyg'ulardir.

Men ulg'ayar ekanman, shu Vatanda yashab turib, uni sog'inaveraman, uning go'zalligiga, serqirra madaniyatiga, urf-odatlarining naqadar foydali ekanligiga va chuqur falsafiy ma'no kasb etishiga qoyil qolaveraman.

Men Andijonlikman, Andijonning o'tmishi menga g'urur bag’ishlaydi, Zaxiriddin Muhammad Bobur mening ajdodim ekanligidan boshim baland…

O'zbekistonning barcha javhalarida, tuman va qishloqlarida urf-odatlar, milliy qadriyatlar turlicha bo'lsada, ularning negizida faqatgina yahshilik, insonparvarlik, mehr-shafqat, hurmat yagonadir. Ayniqsa Andijonning to'ylari haqida gap ketganda, bu to'ylarning aynan Andijoncha, o'ziga xos tomonlari borki, vodiyning boshqa viloyatlaridan farqlidir. Ana o'sha o'ziga xos tomoni bu «kelin tushdi» marosimidir.

Qizning mahallasiga kuyov va kuyovning do'stlari, ularni «kuyov navkarlar» deb ataladi, karnay sadolari ostida kirib kelishadi. Aynan faqat karnayning olamga jar solib chalinishi Andijonning to'ylariga katta salohiyat baxsh etadi.

Qiz ota uyini tark etar ekan, «ota bilan xayrlashuv marosimi» barcha hududlarda bo'lgani kabi eng nozik, eng larzali daqiqalardir. Otalar ko'zida yosh aylanadi, tog'ni talqon qilgan, sersavlat otalar shu kuni mumdek erib, hokisor bo'lib qoladilar. Bag'ridagi eng sevimli, eng nozik jigar go'shasini qo'sh qo'llab o'zga xonadonga berib yuborayotgan va buni ming rizolik bilan amalga oshirayotgan otaning qalbidan shunday gaplar o'tadi:

Uylarimning rayhoni o'zga uyga bo'y tarat,

Yig'lab chiqding darvozamdan, kirganingda kulib qayt.

O'z uyingga mehmon bo'lding, mehribonim yahshi bor,

Qizim endi o'zingga bir chiroyli baht yarat.

Azal azaldan o'zbek xalqi o'zining milliy an’ana va qadriyatlarga boyligi va ularning rang-barangligi, qolaversa dilni yayratuvchi yoqimli ohang kabi urf-odatlari borligi bilan ajralib turadi. Men shu diyor farzandi, chuqur milliylik va xalqsevarlik tuyg'ulari Ozbekiston yoshlari qalbida yashab kelayotganidan yurak - yurakdan mehr va fahr tuyg'usini his etaman!


Toshkent shahridagi Inha universiteti talabasi, Madinabonu Kholmatova


Izohlar
  • Ha juda to'g'ri,har go'shaning o'ziga xos tarovati,rang-barang urf-odatlari bor.Bu urf odatlar jam bo'lib dunyoga O'zbek urf-odatl

    yozilgan 19:12 31.03.2016
  • zo'r, gap yo'q !!!, keyingilariga ham omad

    yozilgan 16:10 28.03.2016
  • Maqolaga gap yo'q, zo'r chiqibdi! tinish belgilariga ham alohida e'tibor berilgan qoyil!

    yozilgan 10:45 28.03.2016
  • Hozirgi davrda ayniqsa yoshlar orasida milliylik ozgina yo'qolib borayotgandek. Bunday maqolalar albatta bizning milliyligimizni, urf-odatlarimizni unutmas

    yozilgan 19:41 27.03.2016