Ajdodlarimizning vatan himoyasida ko`rsatgan mardonavor jasoratlari

Har bir insonning tug'ilib o'sgan tuprog'i u uchun yagona va muqaddasdir, yani Vatanidir. Shu Vatani suvsiz, qaqragan cho'lda bo'ladimi (Afrikadagi eng og'ir sharoitda yashovchi negr qabilalari) yoki faqat qorli muzlikda (Eskimoslar), u yerdagi sharoit qanchalar mushkul, og'ir bo'lmasin shu makonini muqaddas biladi va kerak bo'lsa himoya qiladi, o'zlari uchun shu joyni, Vatan dep hisoblashadi. Serquyosh o'lkamiz O'zbekiston, bu joylardan mustasno, to'rtta fasl galma-gal keluvchi sexrli o'lka, ikki daryo orasidagi unumdor zamin, tabiati hech qayerda takrorlanmas, betakror o'lkadir O'zbekiston. Shu boisdan bo'lsa kerak tarixdan ma'lumki yurtimizga qanchadan qancha yog'iylar yurtimizni egallashni va bu yerlarga egalik qilishni xoxlamagan diysiz. Men bu mavzuni ana shu yovuz yog'iylar yurushi va mardonovor jasorat ko'rsatgan ajdodlarimizga bag'ishladim. Vatan himoyasi yo'lida o'z jonini tikib, uni himoya qilgan ajdodlarimiz haqida lavxalar va ularga qisqacha tavsiflar keltirilgan.

TOMARIS Vatan himoyasi haqida so`z ochgan ekanmiz, To`maris momo va uning jasorati haqida to`xtalmay o`tolmayman. Ona yurt uchun qo`liga qilich ushlagan, Vatan manfaati yo`lida o`g`lining o`limini mardlarcha qarshi olgan bu ayol tillarda doston bo`ldi. Tomaris yurtiga bosqinchilik qilgan qonxo'r shox Kir II (Kayhusraf) ni jangada yer tishlatgan va o'z xalqini zolim Kir II zulmidan saqlab qolgan, massagetlarning go'zal malikasi bo'lgan.Tomaris va Kir II o'rtasidagi bo'lib o'tgan qonli jangda Tomaris askarlari Kir II qo'shinini tor mor etdi.Bu jangda Kir II ham halok bo'ldi. Massagetlardan bir yigit o'liklar orasidan Kir II ning jasadini topib, kallasini kesib Tomarisning oyog'i ostiga tashladi. Tomaris bu boshni qon to`ldirilgan meshga solishni buyurdi va shunday dedi: ey Kayhusraf men vadamni ustigan chiqdim, sen qonxo`r tirikligingda qonga to`ymading ana endi to`yganingcha ich dedi va bu meshni suvga uloqtirib yuborishdi. Tomarisning bu jasorati biz avlodlar yodidan aslo o'chmagay.

SHIROQ

Shiroq, Eron shoxi bo'lgan Doro I bosqiniga qarshi kurashgan xalq qahramoni. Shiroq Sak qabilasidan bo'lgan. Sak qabilalari oqsoqollari Sakfar, Omarg va Oamiris fors qo`shinini yengish uchun harbiy kengash (qurultoy) oʻtkazayotganda, ularning huzuriga oddiy otboqar Shiroq kelib, oʻz rejasini bayon qilgan. Rejaga ko`ra, Shiroq o`z qabilasi manfaatini himoya qilib, harbiy hiyla ishlatgan va yolgʻiz oʻzi (Doro I lashkariga qarshi turgan). Shiroq, Doro I qarorgohiga kelib, unga qabiladoshlari nohaq sitam yetkazganligi uchun (uning burni va quloqlari kesilgan edi) u Eron qoʻshinini Saklar qabilasi turgan yerga qisqa yoʻl bilan olib borishini aytib, dushman qoʻshinini Qizilqum choʻli ichkarisiga boshlaydi. Shiroq, Doro I ning qo'shinini 7 kun mobaynida cho'lning qoq o'rtasiga olib kelib qo'yadi. Doro I aldanganini bilib undan so'rashganda. Shiroq atrofini qurshab olgan shoh Doro I va uning sarkardalariga qarata quyidagi soʻzlarni aytgan: "Men yolgʻiz oʻzim Doro I qoʻshinini yengdim. Sizlarni aldab, choʻlning qoq oʻrtasiga olib keldim. Xohlagan tomoningizga ketishingiz mumkin, vohagacha toʻrt tomoningiz ham 7 kunlik yoʻl!". Dahshatga tushgan shoh va uning sarkardalari Shiroqqa yolvorib, unga suvsiz choʻldan olib chiqishi uchun katta boylik vaʼda qilishadi. Shiroq vatan ozodligi yoʻlida jon fido qilishini aytgach, Doro I ning sarkardasi Ranosbat uni qilich bilan chopib tashlaydi. Qoʻshinning asosiy qismi suvsizlik va ochlikdan Qizilqum choʻlida qirilib ketgan.

SPITAMEN

Vatan ximoyasi yo'lida Aleksandr Makedonskiy boshchiligidagi bosqinchi yunon-makedon qo'shiniga qarshi Turon zaminda ko'tarilgan xalq ozodlik kurashi rahbari bo'lgan Spitamen aslzoda xonadonda tavallud topgan. Uning onasi - sug'd, otasi Sak qabilasi rahbarlaridan edi. Spitamen yunon-makedon istilochilariga qarshi uch yil mardonavor kurashgan. . Spitamen, Aleksandr Makedonskiy qo'shiniga bergan eng asosiy zarbalaridan biri Aleksandr asosiy qo`sninlari bilan Sirdaryo bo'ylaridagi Saklarga qarshi kurashayotganidan foydalangan Spitamen qo'zg'olon ko'tarib Marokanda (Samarqand) dagi yunon-makedon garnizonini qirib tashlab shaharni egallaydi. Aleksandrning qo'zg'olonchilarga qarshi yuborgan qo'shini (3 ming piyoda va 800 otliq askar)dan xabar topgan Spitamen shaharni tark etgan. Uning harbiy-strategik mahorati tufayli dushman Politimet (Zarafshon) daryosi bo'yida yakson qilingan, istilochilarning qolgan-qutgan jangchilari Marokandaga yashiringan. Spitamen yana Marokandani qamal qilgan. Aleksandr bu gal unga qarshi yirik qo'shin jo'natgan. Spitamen dushman o'tadigan yo'lga pistirma qo'yib, unga to'satdan hujum qilgan. U mazkur jangda o'zgacha harbiy usul qo'llagan. Har bir otga 2 tadan jangchi mindirilgan. Ular dushmanga 2 tomondan zarba berar, biri nayza, qilich yoki kamon bilan hamla qilsa, ikkinchisi tosh bilan urib, yovning boshini majaqlar edi. Bu jangda dushman katta talafot ko'rgan. Shundan keyin Spitamenga qarshi Aleksandr asosiy kuchlari bilan otlangan, Spitamen cho'l ichkarisiga chekingan. Keyinchalik Spitamen dushman tarafga tez-tez xujumlar qilib turadi, lekin xal qiluvch jangda Spitamen qo'shini mag'lubiyatga uchraydi. Shundan so'ng Sug'diy va baqtriyalik zodagonlarning bir qismi Spitamenga xiyonat qilib dushman tomonga o'tib ketganlar. Spitamen esa xoinona o'ldirilgan.

TEMUR MALIK Tarixdan ma'lumki Vatanimiz sarxadlariga bosqinchilik qilgan mog'il bosqinchilariga qarshi kurashgan sarkardalardan biri bu Temur Malik. Temur Malik Xorazmshoh Muhammad hukmronligi davrida Xoʻjand hokimi, Jaloliddin Manguberdining yaqin safdoshi, moʻgʻullar istilosiga qarshi kurash olib borgan sarkarda, xalq qaxramoni sifatida tarixda qolgan. 1219 yilning dekabrda 3 kunlik jangdan keyin Banokatni egallagan Aloq noʻyon boshliq 5 ming kishilik moʻgʻul qoʻshini Xoʻjandni qamal qilishga kirishadi. Temur Malik ilgariroq har ehtimolga qarshi Sirdaryo oʻrtasidagi orolda, suv 2 shoxga boʻlinib oqadigan joyda, bir mustahkam qalʼa qurdirib qoʻygan edi. Moʻgʻul qoʻshini son va qurolaslaha jihatdan ustun boʻlgani bois shaharni mudofaa qilish qiyinlashadi. Natijada, Temur Malik 1000 kishilik otryadi bilan 1220 yilning aprelda orolga koʻchib oʻtadi va tezlikda qalʼani jangga tayyorlashga kirishadi. Shahar va qalʼa atrofini dushman halqa qilib oʻrab oladi. Manjanaqdan( tosh otar qurilma) otilgan toshlar orolga yetmagandan soʻng moʻgullar xoʻjandlik yoshlar va ilgari olingan asirlardan hashar tarzida foydalanishga qaror qiladilar. taxminan 50 ming hasharchi tevarakatrofdan tosh, shoxshabba va xashak keltirib daryoga tashlaydi, moʻgʻullarning 20 ming kishilik qoʻshini esa jangga kirishadi. Temur Malik usti namat hamda sirkali loy bilan suvalgan, oʻq otish uchun darichalari bor kemalar yasatadi. Kunda tongda har ikki tomonga 6 tadan kemada suzib kelib, yovga qirgʻin keltiradi. Oxir oqibat vaziyat tanglashgach, Temur Malik orolni tashlab ketishga majbur boʻladi. U qolgan askarlari va yuklari ortilgan 70 qayikda Sirdaryoning quyi oqimi boʻylab suzib ketadi. Barchinligʻkent (Qiziloʻrdadan taxminan 50 km jan.da boʻlgan) yaqinida moʻgʻullar daryoni toʻsib qoʻyadilar. Temur Malik qirgʻoqqa tushib, dushman bilan jang qiladi. Koʻp talafot berib, yolgʻiz oʻzi Kizilqum choʻli orqali 1220 yilning yozida Xorazmga yetib keladi. Temur Malik 1221—1232 yillar davomida Sulton Jaloliddin bilan birgalikda moʻgʻullarga qarshi kurash olib boradi. Jaloliddin halokatidan keyin oʻz yurtiga qaytadi. Maʼlum vaqtdan soʻng Temur Malik moʻgʻullar tomonidan qoʻlga olinadi va qatl qilinadi.

JALOLIDDIN MANGUBERDI Jaloliddin Manguberdi qadimgi davrdan 13-asr o'rtalarigacha Xorazm hududida mavjud bo'lgan Xorazmshohlar davlatining so'nggi hukmdori, mohir sarkarda. Xorazmshoh Muhammadning katta o'g'li. Jaloliddin burnida xoli (mank) bo'lgani uchun Mankburni nomi bilan atalgan. Keyinchalik bu nom talaffuzda o'zgarib "Manguberdi" nomi bilan mashhur bo'lib ketgan. Jaloliddin Manguberdi voyaga yetgach, otasi uni G'azna, Bomiyon, G'ur, Bust, Takinobod, Zamindovar va Hindiston hududlarigacha bo'lgan yerlarga hokim va taxt vorisi etib tayinlagan. Biroq Muhammad Xorazmshohning onasi Turkon xotun va qipchoq amirlarining qat'iy noroziligi sababli Muhammad Xorazmshohning kenja o'g'li Qutbiddin O'zloqshoh foydasiga vorislikdan mahrum etilgan. Jaloliddin Manguberdi otasining harbiy yurishlarida ishtirok etib, o'zining jasur jangchi, iqtidorli sarkarda ekanligini namoyish etgan.Chingizxon boshchiligidagi mo'g'ul qo'shiniari Movarounnahrga bostirib kirib birin-ketin shaharlarni egallab, Samarqandga yaqinlashganlarida Xorazmshoh Muhammad Kaspiy dengizi bo'yida joylashgan Obeskun shahri yaqinidagi Ashur ada orolida edi. Og'ir betob bo'lgan Muhammad o'g'iliarini yoniga chorlab, so'nggi damda Jaloliddin Manguberdini o'z o'rniga Xorazmshoh etib tayinlagan. Jaloliddin Manguberdi ukalari Oqshoh va Qutbiddin O'zloqshohlar bilan birga Gurganj mudofaasiga oshiqadi. Lekin Gurganjdagi qipchoq amirlari Turkon xotunning akasi Xumorteginni sulton deb e'lon qilib, Jaloliddin Manguberdiga qarshi suiqasd uyushtirmoqchi bo'ladilar. Bundan xabar topgan Jaloliddin Manguberdi safdoshi, sarkarda Temur Malik boshchiligidagi 300 suvoriy bilan Gurganjni tark etib Xurosonga yo'l oladi. Niso shahri yaqinida uni 700 nafar mo'g'ul suvoriysi kutardi. Jaloliddin Manguberdi shiddatli jangdan so'ng ularni tor-mor etib, Nishopurga keldi. Bu yerdan u barcha viloyat hokimlariga nomalar jo'natib, mo'g'ul bosqinchilariga qarshi kurashda birlashishga da'vat etdi, bir oydan so'ng G'azni tomon yurdi. Yo'lda unga Hirot voliysi (hokimi) qaynotasi Aminalmulk 10 ming kishilik qo'shin bilan kelib qo'shildi. Qandahorni qamal qilib turgan mo'g'ul qo'shiniari bilan bo'lgan 3 kunlik jangda Jaloliddin Manguberdi ularni tor-mor keltirdi. 1221-yil u G'aznaga keldi. Bu yerda unga xalaj qabilasi boshlig'i Sayfuddin Ig'roq, Balx voliysi A'zam malik, afg'onlar sardori Muzaffar malik, qarluqlar boshlig'i Hasan Qarluq kelib qo'shildilar. Ularning har biri ixtiyorida 30 ming kishilik qo'shin bor edi. Jaloliddin Manguberdining o'zidagi kuchlar esa 60 ming suvoriy edi. Jaloliddin Manguberdi Valiyon qal'asini qamal qilayotgan Takajuk va Malg'ur boshchiligidagi mo'g'ul qo'shiniga hujum qilib, 3 kunlik jangdan so'ng ularni tor-mor keltirgan, 1000 dan ortiq mo'g'ul askari o'ldirilgan, omon qolgan qismi Panjshir daryosidan o'tib, ko'prikni buzib tashlagan. Bu Jaloliddin Manguberdining mo'g'ullar ustidan qozongan dastlabki yirik g'alabasi edi. Chingizxon Jaloliddin Manguberdiga qarshi Shiki Xutuxu no'yon boshchiligida 45 ming kishilik qo'shin jo'natadi.

'azni yaqinidagi Parvon jangida Jaloliddin Manguberdi mo'g'ullar ustidan ajoyib g'alabani qo'lga kiritadi. Biroq jangdan so'ng Jaloliddin Manguberdining lashkarboshilari o'lja ustida o'zaro janjallashib qoladilar. Oqibatda Sayfuddin Ig'roq, A'zam Malik va Muzaffar Maliklar Jaloliddin Manguberdini tark etadilar. Jaloliddin Manguberdining yonida o'z lashkari bilan faqat Aminalmulk qoladi.Parvon jangidagi mag'lubiyatdan g'azabga kelgan Chingizxon katta qo'shin to'plab Jaloliddin Manguberdiga qarshi shaxsan o'zi otlanadi. Gardiz qal'asi yaqinidagi jangda Jaloliddin Mangu­berdi Chingizxon qo'shinining ilg'ori (old tomonida boruvchi qismi)ni tor-mor keltiradi va kuchi ozligi sababli Sind (Hind) daryosi tomon chekinadi. Chingizxon qo'shini Jaloliddin Manguberdini daryodan o'tishiga imkon bermay qurshab oladi. 1221-yil 25 noyabrda bo'lgan tengsiz jangda mag'lubiyatga uchragan Jaloliddin Manguberdi 4000 jangchisi bilan Sindning o'ng sohiliga suzib o'tib, cho'l ichkarisiga kirib ketadi (bu cho'l hozir ham Cho'li Jaloliy deb ataladi). Chingizxon Jaloliddin Manguberdining bu jasoratidan hayratda qolib, o'z o'g'illariga qarab: "Ota o'g'il mana shunday bo'lishi lozim!", degan. Oradan bir necha kun o'tgach, Jaloliddin Manguberdi qo'shini soni 7 mingga yetadi. Unga Ko'lbars bahodir, Kabkuh va Sa'diddin Ali ash-Sharabdor kabi lashkarboshilar o'z kishilari bilan kelib qo'shildi. Jaloliddin Manguberdi Shimoliy Hindistonning notanish cho'lida och, juldur kiyimli jangchilari bilan sargardon bo'lib qoladi. Uning bu holidan foydalanmoqchi bo'lgan Shatra viloyati rojasi (shohi) Jaloliddin Manguberdiga hujum qildi. Jangda Jaloliddin Manguberdining merganlik bilan otgan kamon o'qidan roja halok bo'ladi, qo'shini esa parokanda bo'lib qochadi. Jaloliddin Manguberdi katta o'ljani qo'lga kiritadi. Bu g'alabadan so'ng Sind, Uchcha, Mo'lton, Lohur va Peshovar hokimi Nosiriddin Qubachaning Nandana va Sakundagi noibi Qamariddin Karmoniy Jaloliddin Manguberdiga o'z xayrixohligini izhor etib, sovg'a-salomlar jo'natadi. Bu vaqtga kelib, Jaloliddin Manguberdining ukasi G'iyosiddin Pirshohdan ajralib ketgan amirlar Sanjoqonxon, Elchi pahlavon, O'rxon, Soyircha, Tekjoruq Xonkishilar o'z lashkarlari bilan Jaloliddin Manguberdiga qo'shiladilar. Jaloliddin Manguberdi Kalor shahri, Parosravar, Tarnuj qal'alarini qo'lga kiritadi. Mulklarining katta qismidan ajralgan Qubacha 10 ming otliq qo'shini hamda Dehli sultoni Shamsuddin Eltutmishdan olgan qo'shimcha kuch bilan Jaloliddin Manguberdiga qarshi jang qiladi, biroq mag'lubiyatga uchraydi. Uning xazinasi, qurol-yarog'larini Jaloliddin Manguberdi o'lja sifatida qo'lga kiritadi. 1222-yil Chingizxon Jaloliddin Manguberdiga qarshi To'rbay To'qshin va Bola no'yonni 20 ming kishilik qo'shin bilan jo'natadi. Lekin ular Mo'ltonga qadar borib, shaharni ololmaydilar, jazirama issiqqa dosh berolmay orqaga qaytishadi. Jaloliddin Manguberdi o'ziga qarshi mo'g'ul qo'shinlari jo'natilganligini Parosravar qal'asini olgandan so'ng eshitadi. Jalolid­din Manguberdi Mo'lton tomon yo'l olib Qubacha mulklaridan Uchcha, Sadusan, Xatisor, Deval va Damrillarni qamal qiladi, qo'shini uchun tuyalar zarurligi tufayli Gujarot viloyati markazi Nahrvalga Xosxon boshchiligida qo'shin jo'natadi. Shu orada Shamsuddin Eltutmish Jaloliddin Manguberdi ustiga katta qo'shin (30 ming otliq, 100 ming piyoda, 300 ta fil) tortadi. Jaloliddin Manguberdi mardonavorlik bilan raqibiga qarshi chiqadi. Jaloliddin Manguberdining O'zbek Toy Jahon Pahlavon qo'mondonligi ostidagi ilg'ori Eltutmish ilg'ori bilan to'qnashib raqibidan ustun keladi. Eltutmish Jaloliddin Manguberdi huzuriga elchisini yuborib sulh tuzishni so'raydi.

Jaloliddin Manguberdi Hindistonda o'z nomidan kumush va mis tangalar zarb qilgan, unga tobe hind mulklarida nomi xutbaga qo'shib o'qilgan. Biroq vaziyat borgan sari murakkablashib bormoqda edi. Eltutmish, Qubacha, shuningdek, Hindistonning boshqa viloyat hokimlari o'zaro til biriktirib Jaloliddin Manguberdiga qarshi ittifoq tuzmoqchi ekanliklari ayon bo'lib qoladi. Jaloliddin Manguberdining ikki lashkarboshisi Yazidak pahlavon va Sunqurjiq Toysilar ham xiyonat qilib Eltutmish tomoniga o'tadilar. Og'ir vaziyatdan qutulish uchun Jaloliddin Manguberdi harbiy kengash chaqiradi. Amirlarning ko'pchiligi Iroqda siyosiy parokandalik hukm surgan bir paytda Iroq tomon yurish qilib, uni G'iyosiddin Pirshohdan tortib olishni taklif qiladi. Jaloliddin Manguberdi o'zining Hindistonda zabt etgan mulklariga O'zbek Toy Jahon Pahlavonni, G'ur va G'azni viloyatlariga Hasan Qarluqni noib sifatida qoldirib, Iroqqa yo'l oladi. Cho'lu biyobonlarni kesib o'tishda Jaloliddin Manguberdining ko'p jangchilari nobud bo'ladi va nihoyat u 4 ming jangchisi bilan Kirmonga yetib keladi. G'iyosiddin Pirshohning Kirmondagi noibi Baroq Hojib Jaloliddin Manguberdiga tobelik izhor qiladi. Shundan so'n Jaloliddin Manguberdi Fors viloyati markazi Sherozga keladi. Fors hokimi Sa'd ibn Zangiy va Yazd hokimi Alouddavla ibn To'g'onshoh unga tobelik bildirishadi. Jaloliddin Manguberdi Isfahonga kelganda aholi uni katta tantana bilan kutib oladi, qo'shini qurol-aslaha bilan ta'minlanadi. Bu hol G'iyosiddin Pirshohga yoqmaydi, u akasiga qarshi 30 ming otliq qo'shin bilan yo'lga chiqadi. Biroq Jaloliddin Manguberdi unga sovg'a-salomlar bilan Odekni elchi sifatida jo'natadi va o'zaro nizoni tinchlik bilan hal etadi. Qo'shin boshliqlari Jaloliddin Manguberdi tomoniga o'tadi. 1225-yili Jaloliddin Manguberdi Ozarbayjonga yurish qiladi. So'ng Bag'dodga qarshi yurishga hozirlik ko'radi. Xalifa Nosirga elchi jo'natib, mo'g'ullarga qarshi birlashishga chaqiradi. Bunga javoban Xalifa Jaloliddin Manguberdiga qarshi mamluki amir Jamoliddin Qushtemur boshliq 20 ming kishilik qo'shin jo'natadi. Basra yaqinidagi jangda Xalifa qo'shinlari tor-mor keltiriladi. Xalifa Bag'dod mudofaasi bilan mashg'ul bo'ladi. Jaloliddin Manguberdi Bag'dod atrofida 12 kun turgach, Ozarbayjon tomon ketadi. Ozarbayjon va Arron hukmdori O'zbek ichkilik, maishatga berilib davlat ishlarini o'z holiga tashlab qo'ygan edi, davlatni amalda uning xotini Malika xotun boshqarardi.

1225-yil mayda Jaloliddin Manguberdi Marog'a shahrini jangsiz qo'lga kiritadi. Damashq, Erbil hokimlari esa u bilan ittifoq tuzishga rozi bo'ladilar. O'zbek Tabrizni tashlab Ganjaga, so'ng Alinjo qal'asiga qochib o'sha yerda vafot etadi. Jaloliddin Manguberdi Malika xotunga uylanadi. Tabrizda bir necha kun turgandan so'ng o'z qo'shinini Gruziya tomon boshlaydi. 1225-yil avgustda Garni qal'asi yaqinida gurjilarning Ivane Mxargrdzeli boshliq 60 ming kishilik qo'shinini tor-mor keltiradi va Tiflisga qarab yuradi. Gruziya malikasi Rusudana Kutaisiga ko'chib o'tadi. Jaloliddin Manguberdi Dvin, Lori shaharlarini egallaydi, Surmari shahri hokimi o'z tobeligini bildiradi.

1227-yil sentabrda Isfahondan 30 chaqirim sharqdagi Sin qishlog'i yaqinida Jaloliddin Manguberdi mo'g'ullarning Taynol no'yon boshliq qo'shinini yengadi. Taynol no'yon Jaloliddin Manguberdi haqida:"Zamonasining haqiqiy bahodiri ekan, o'z tengqurlarining sarvari ekan", degan. Jaloliddin Manguberdining Ko'niya sultoni Alouddin Kayqubod, Jazira hokimi al-Malik al-Ashraf Muzaffariddin Muso, Damashq hokimi al-Malik al-Muazzam Sharafiddin Iso va Misr hokimi al-Malik al-Komil Muhammadga nomalar yozib, mo'g'ullarga qarshi kurashda ularni birlashtirish yo'lidagi xatti-harakatlari behuda ketadi. Ustiga-ustak Alouddin Kayqubod muxolif kuchlami Jaloliddin Manguberdiga qarshi birlashtirishga muvaffaq bo'ladi va 1230-yil 10-avgustda Arzinjon yaqinidagi jangda Jaloliddin Manguberdini mag'lubiyatga uchratadi.

Jaloliddin Manguberdining kuchsizlanganidan foydalangan mo'g'ullar katta qo'shin bilan Ozarbayjonga bostirib kiradilar va Marog'a, Tabrizni egallab (1231-yil), Jaloliddin Manguberdini ta'qib etishgan. Mayofariqin viloyatidagi qishloqlardan birida mo'g'ullar tungi hujum natijasida Jaloliddin Manguberdining oz sonli qo'shinini tormor keltiradilar, Jaloliddin Manguberdining o'zi esa ta'qibdan qutulish uchun Kurdiston tog'lariga chiqib ketadi. Bu yerda qaroqchi kurdlar qo'liga asir tushib qoladi va fojiali ravishda halok bo'ladi. Jaloliddin Manguberdi haqida uning shaxsiy kotibi, tarixchi, Ashxobod yaqinidagi Xurandiz qal'asi hokimi Nasaviy shunday yozadi: "Jaloliddin qorachadan kelgan, o'rta bo'yli, turk lafzli odam edi. Fors tilini ham yaxshi bilardi. Uning botirligiga kelganda shuni aytish kerakki, sulton arslonlar orasidagi eng kuchli sher edi. Bir so'zli, kek saqlamaydigan, ochiq ko'ngil, to'g'ri odam edi. U jiddiy shaxs edi. Hech qachon kulmasdi. Juda nari borsa, jilmayib qo'yardi. U adolatsizliklarni yomon ko'rardi. Jaloliddin o'ta qat'iyatli, nihoyatda irodali, murakkab vaziyatlarda, taqdirning qaltis sinovlarida o'zini yo'qotib qo'ymaydigan favqulodda mard va botir sarkarda edi".

O'zbekiston hukumati Jaloliddin Manguberdining mo'g'ul bosqinchilariga qarshi kurashda ko'rsatgan mislsiz jasorati, vatanga va o'z xalqiga sadoqat va cheksiz muhabbatini qadrlash va uning porloq ruhini abadiylashtirish maqsadida "Jaloliddin Manguberdi tavalludining 800 yilligini nishonlash haqida" qaror qabul qildi (1998-yil). Qarorga ko'ra, uning yurti Xorazmda Jaloliddin Manguberdiga haykal o'rnatildi, yirik ko'cha, maydon va boshqalarga uning nomi qo'yildi. Jaloliddin Manguber­di haqida videofilm, doston, pyesa va boshqalar yaratilgan. "Jaloliddin Manguberdi" ordeni (oliy harbiy mukofot) ta'sis etilgan (2000-yil 30-avgust)

Jaloliddin Manguber­di haqida videofilm, doston, pyesa va boshqalar yaratilgan. "Jaloliddin Manguberdi" ordeni (oliy harbiy mukofot) ta'sis etilgan (2000-yil 30-avgust).

Aziz yurtdoshlarim sizga xavola etgan, bu qisqacha ma`lumotlardan ajdodlarimiz qanchalar Vatanparvar, Vataniga sodiq bo`lganligini ko`rishimiz mumkin. Men o`ylaymanki ajdodlarimiz ko`rsatgan bu jasoratlardan, biz yoshlar o`rnak olishimiz kerak va bu unga arziydi.Va shuni xech qachon esdan chiqarmasligimiz kerakki ozod va Mustaqil yurtimiz O`zbekiston Mustaqiligi qadriga yetishimiz, uni ximoya etishimiz shart

JizPI tolibi


Izohlar
  • Qoyil gap yo

    yozilgan 14:47 16.03.2016