YOSHLAR ORASIDA KITOBXONLIK MADANIYATINI RIVOJLANTIRISH

Mashhur fransuz faylasufi Frans Bekon “Kitoblar tafakkur durdonalarini avloddan avlodga eltuvchi aql kemalaridir” degan ekan. Kitob insoniyatning moziy o’tmishini bevosita tahlil qila oladigan, dunyo xalqlarini ma`naviy-ma`rifiy, ilmiy jihatdan bir g’oya ortidan birlashtira oladigan, kelajakni yorqin ko'rsatib borishga qodir yo’lchi yulduzdir desak mubolag’a bo’lmaydi. Tariximizda shonli iz qoldirgan Xorazmiy, Beruniy,Farg’oniy, Buxoriy, ibn Sino, Alisher Navoiy, Mirzo Ulug’bek kabi buyuk mutafakkir bobolarimizning yuksak zakovat egasi bo’lishida, ularning bugungi ilm ahlini lol qoldiradigan kashfiyotlar, ixtirolar qilishida, bunday tafakkur mahsullaridan hozirgi jamiyat bahramand bo’lishida kitobning o’rni so’zsiz ekanligini albatta, inkor eta olmaymiz.

Darhaqiqat, kitob barchamizga charog'on yo'lni ko'rsatishini, ma`naviy olamimizni shakllantirishini, kelajakdagi yagona to'g'ri yo'lni tanlashga yordam berishini bilsakda, uni o'qimasak, kitobning insoniyat tomonidan yaratilgan eng buyuk kashfiyot ekanligini tushunmasak, biz kitobning qanchalar sehrli qudrat ekanligini anglay olamizmi? Yo’q, albatta, uning bor kuchini his etmaymiz. Biz uni faqatgina oddiy qog’oz ekanligini bilamiz, xolos.

Yana bir jihat, hozirda odamlar qanday kitob o’qiyotganiga nazar tashlasak mumtoz adabiyotimizning milliy durdona yodgorliklaridan – “Qutadg‘u bilig”, “Temur tuzuklari”, “Xamsa”, “Boburnoma”, “O’tgan kunlar”, “Mehrobdan chayon”, Kecha va kunduz” singari asarlarni o’qiyotgan o’quvchilarni uchratish amrimahol. Ammo bu asarlar nafaqat maktab va institut kutubxonalari, balki har bir o‘zbek xonadonida bo‘lishi hamda har bir yosh-u qari ularni umri davomida kamida bir marta bo’lsa ham mutolaa qilishi kerak emasmikan? Chunki bunday asarlar inson tarbiyasida juda muhim ahamiyatga egadir.

Bolaning tarbiyaviy hislatlari dastlab oilada shakllanadi, demak kitobxonlik ham oilada yuzaga keladi hamda rivojlanadi. Kitobxonlikning yaxshi rivojlanishida oiladagi boshqa a'zolarning kitobga, o'qishga munosabati katta ta'sir ko'rsatadi. Oilada bola kitobxonligining o’sishida shaxsiy kutubxonadagi kitoblarni birgalikda o'qish va ularni muhokama qilish, ota-onaning bolaning kitob o’qishini nazorat qilish va ular haqida fikrini so'rash, bu fikrni bildirish uchun bolaning kitob haqida mushohada yuritishni o’rgatish juda muhimdir.

Demak, yoshlarda kitobga muhabbatni kuchaytirish, ular o‘rtasida kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini shakllantirish, badiiy, ma’rifiy, ilmiy-ommabop va tarbiyaviy ahamiyatga ega adabiyotlar bilan ta’minlash bo‘yicha boshlagan ishlarimizni yangi yuksak bosqichga ko‘tarish borasida har birimiz alohida qayg‘urishimiz lozim.

Xulosa o’rnida buyuk rus adibi Maksim Gorkiyning quyidagi chaqiriqlarini yodga olish kifoya: “O’zimdagi barcha yaxshi fazilatlar uchun minnatdorman. Bilim manbai kitobni seving!”.

Xurshid Fayzullayev. SamDCHTI.


Izohlar