VATAN TINCHLIGI VA XAVFSIZLIGINI TA’MINLASH MUQADDAS BURCHDIR

O’zbekiston Respublikasi o’zining mustaqilligini qo’lga kiritgandan so’ng keng siyosiy, ijtimoiy islohatlar qatori mamlakatda harbiy islohatlar ham olib borildi. Ya’ni 1992-yil 14-yanvar kuni O’zbekiston Respublikasining Qurolli Kuchlari tashkil etildi hamda shu kun “Vatan himoyachilari kuni” sifatida keng nishonlanadigan bo’ldi. Vatan himoyasi, yurt tinchligi har bir fuqaroning burchi va muqaddas vazifasidir. O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasining 52-moddasida ham Vatanimizni himoya qilish har bir fuqaroning burchi ekanligi ta’kidlab o’tilgan. “O‘zbekiston Respublikasini himoya qilish — O‘zbekiston Respublikasi har bir fuqarosining burchidir. Fuqarolar qonunda belgilangan tartibda harbiy yoki muqobil xizmatni o‘tashga majburdirlar”. Shuni aytish kerakki, tinchlik va osoyishtalik hukm surayotgan O’zbekiston hududida yashayotgan har bir fuqaro yurtimizdagi bunday barqarorlikni saqlashni o’zining oliy burchi va vazifasi deb biladi. Chunki ular Vatan himoyasi bilan bir qatorda o’zining oilasini himoya qilayotganini yaxshi anglab yetadilar.

Vatan tinchligi va xavfsizligi naqadar muhim ekanligini his etgan holda hamda o’z burchini fidoyilik bilan ado etib, bugungi kunda vatan himoyachilarimiz kun-u tun yurtimiz chegaralarini dahlsizligini himoya qilmoqda. Ularning bunday fidakorona xizmatlari evaziga mamlakatimizda tinchlik barqaror saqlanmoqda va yurtimizning porloq istiqbolini hamda ozod va obod, faravon turmush tarzini barpo qilish uchun sharoit yaratilmoqda. Dunyoning turli burchaklarida bo’lib o’tayotgan xunrezliklar oqibatida tinch aholining jabr ko’rishi va u yerlarda ayniqsa bolalarning ko’z yoshlari daryo bo’lib oqayotganligini matbuot orqali ko’rganimizda yurtimizdagi osoyishtalikdan barchamizning qalbimizda shukronalik hissi paydo bo’ladi. Shu onda O’zbekistonning buyuk armiyasi va yengilmas, mard, botir o’g’lonlari borligidan g’urur va iftixor hislarini tuyamiz.

Jasur barkamol avlod hisoblangan Vatan himoyachilarini tarbiyalashda muddatli harbiy xizmatning ya’ni armiyamizning o’rni beqiyosdir. Bugungi kunda milliy armiyamiz ming-minglab o‘g‘lonlarimiz uchun chinakam mardlik, fidoyilik, haqiqiy vatanparvarlik maktabiga aylangani, hech shubhasiz, shu yo‘lda erishgan eng katta yutug‘imizdir desak mubolag’a bo’lmaydi. Chunki hozirgi kunda onalar o‘z farzandlarini armiyaga ko‘zda yosh, yurakda xavotir bilan emas, balki mening o‘g‘lim haqiqiy Vatan himoyachisi bo‘ladi, deb, yuksak ishonch va faxr tuyg‘usi bilan kuzatmoqda. Harbiy xizmat yigitlarni jismonan toblaydi, manan kamol topishiga yordam beradi va ularning kelajagini o’z qo’llari bilan qura olishiga ishonch ruhiyatini shakllantiradi. Bir so’z bilan aytganda, milliy armiyamiz yoshlarning mardlik, matonat va jasorat maktabidir.

Fayzullayev Xurshid. SamDCHTI talabasi.


Izohlar