Abul Mu’iyn an-Nasafiy

O’rta asrlarda samarali ijod qilgan kalom ilmining mashhur allomasi, mutafakkir, Umar ibn Muhammad Nasafiy o’zining “al-Qand fi zikri ulamoi Samarqand” (Samarqand olimlari zikrida qand kitobi) asarida: “Sharq-u G‘arbning olim-u ulamolari Abul Mu’iyn an-Nasafiy ilmining dengizidan bahra topib, u taratgan ziyo nurlarini ko‘zlariga to‘tiyo qilib surtganlar”, - deya ta’riflagan olim Imom Abul Mu’iyn an-Nasafiy, to‘liq ismlari Abul Mu’iyn Maymun ibn Muhammad ibn Muhammad ibn Mu’tamid ibn Muhammad Makhul an-Nasafiy 1027-yil Qarshi (Nasaf)da tavallud topgan. Shu yerda ta’lim olim, ilmini kamolga yetkazgan. Abul Mu’iyn an-Nasafiy ilm-u irfonda yetuk, ziyoli bir oilada ulg‘aygan, ayniqsa, uning ajdodlaridan ko‘plari fiqh ilmi sohasida ulkan salohiyatlari bilan el-yurt orasida obro’ topishgan. Kalom ilmining yirik namoyandalari Abulhasan Ash’ariy va Abu Mansur Moturidiy asarlaridan ta’lim olgan Abul Mu’iyn an-Nasafiy kalom ilmida yetuk alloma sifatida kalomning turli masalalariga oid 15 ga yaqin asarlar yozgan. Abul Mu’iyn an-Nasafiy motrudiya mazhabining taraqqiy etishiga eng ko’p hissa qo’shgan olimlardan hisoblanadi. Ul zotning mashhur asarlari qatoriga “Tabsiratul adillatu fi usuliddin” (“Din usuli”dagi dalillarni tushuntirish”), “Bahrul kalom” (“Kalom dengizi”), “Tamhid liqovaidit tavhid” (“Tavhid qoidalarini yengillashtirish”) kabilarni qo’shishimiz mumkin.“Bahrul kalom” asari alloma ijodining gultoji hisoblanadi va unda islom falsafasini tashkil qilgan kalom ilmi bo’yicha qimmatli ma’lumotlar mavjud.


Izohlar